O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hindistonda Oʻzbekiston Prezidenti davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrilmoqda

2018-09-29 | Siyosat

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 2018 yil 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi. 

Markaziy va Janubiy Osiyoning yetakchi ikki mamlakati ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ushbu muhim voqea oldidan Dehli shahrida oʻzaro samarali hamkorlikning bugungi ahvoli aks etgan qator tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. 

Bugungi kunda Hindiston Oʻzbekistonda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan Dehlida tashkil etilgan Oʻzbekiston – Hindiston biznes-forumi ikki mamlakatning uch yuzdan ortiq yetakchi ishbilarmonlarini jamladi. 

Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida vazirlik va idoralar, viloyat va shaharlar hokimliklari rahbarlari, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekenergo”, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati”, “Oʻzqurilishmateriallari”, “Oʻzeltexsanoat” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari, xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi. Hindiston tomonidan esa 150 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, kichik va oʻrta biznes vakillari qatnashdi. 

Oʻzbekiston va Hindistonning turli iqtisodiyot sektorlari oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari koʻplab qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Shu maʼnoda, iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik oʻzaro manfaatli munosabatlarda ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanishi shubhasiz. 

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokidagi 145 korxona faoliyat yuritmoqda. 

2017 yilda oʻzaro savdo hajmi 320 million dollardan oshdi. Oʻzbekiston Hindistonga metall, mineral oʻgʻitlar, balzamlar, ipak, dukkakli mahsulotlar va boshqa tovarlarni eksport qiladi. Hindistondan mamlakatimizga asosan farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari, shuningdek, qora metall, texnologik uskuna, avtomobillar uchun ehtiyot qismlari import qilinadi. 

Farmatsevtika sanoati va sogʻliqni saqlash, turizm, xususan tibbiyot turizmi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, mineral resurslar, jumladan, rangli va noyob metallarni oʻzlashtirish va qazib olish, infratuzilma va zamonaviy arzon uy-joylar qurilishi sohasidagi loyihalar ikki tomonlama hamkorlik uchun istiqbolli sohalar sanaladi. 

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning Toshkentdan Dehli va Amritsarga toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻyishi ikki mamlakat fuqarolari uchun ham ayni muddao boʻldi. Masalan, 2017 yilda Oʻzbekistonga Hindistondan 10 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Turizm sohasidagi faoliyatni yanada faollashtirish maqsadida Toshkentdan Mumbay va Chennai shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqilmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan tadbirlar yakuni boʻyicha umumiy qiymati 95 milliondan ortiq boʻlgan 30 ta eksport shartnomalari, shuningdek, 3 millard dollarlik 50 ta sarmoyaviy loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. 

Biznes-forum davomida Hindiston sanoat konfederatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish boʻyicha Bitim imzolandi. Dehli shahrida Oʻzbekiston milliy koʻrgazmasi ochildi. Unda mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, meva-sabzavot, qandolatchilik, oziq-ovqat va yurtimizning boshqa yetakchi tarmoqlari mahsulotlari stendlari oʻrin olgan. 

Mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasida tashkil etilgan matbuot-brifingida Hindistonning yetakchi nashrlari, telekanallari, axborot agentliklari va onlayn nashrlarining 50 ga yaqin vakili ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi I.Neʼmatov va mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev Hindiston matbuoti xodimlariga davlatimiz rahbarining boʻlajak davlat tashrifi ahamiyati, mintaqaviy va xalqaro masalalarda ikki tomonlama munosabatlarning surʼati, iqtisodiy va savdo aloqalarning holati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shuningdek, madaniyat, kinematografiya, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. 

Tadbirda Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi har jihatdan samarali va natijador boʻlishi hamda xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik anʼanaviy doʻstlik munosabatlarida yangi sahifani ochishi alohida taʼkidlandi. 

Janubi-Sharqiy Osiyoning xalqaro muxbirlari klubida tashkil etilgan matbuot-brifingi ham Prezidentimizning Hindistonga boʻlajak davlat tashrifiga bagʻishlandi. Unda Dehlida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy muxbirlarining Oʻzbekiston – Hindiston savdo va iqtisodiy munosabatlari, mamlakatimizning investitsiyaviy va turizm salohiyati, ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorligi toʻgʻrisidagi savollariga javob berildi. Tadbir xalqaro muxbirlar klubining feysbuk sahifasida real vaqt rejimida yoritildi. 

Ushbu tadbirlar tafsiloti gazeta va jurnallar, internet-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar va televideniye kanallarida eʼlon qilingan 200 ga yaqin materiallarda yoritildi. Yaqinda Dehlida OAVning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, turistik jozibadorligi, koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlar va biznes almashinuvga bagʻishlangan maxsus sonlari chop etildi. Xususan, har oy chop etiladigan “Business Central Asia” jurnalining sentyabr oyidagi soni toʻliq Oʻzbekistonga bagʻishlandi. Bu nashr (adadi 40 ming nusxadan ortiq) Hindistonning rasmiy va ishbilarmon doiralari, diplomatik va xalqaro vakolatxonalari orasida koʻp oʻqiladi. Jurnal mualliflari va hindistonlik ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy oʻzgarishlar tahlil qilinib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat, oʻzaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlar, turizm va aviaqatnovlar, investitsiyaviy jozibadorlik sohasidagi yangiliklar sharhiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayrim maqolalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi maʼruzasida va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ilgari surilgan xalqaro va ichki siyosatga doir tashabbuslariga bagʻishlangan. 

“Oʻzbekistonda nima oʻzgardi?” sarlavhali maqolada mintaqaviy siyosat, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan. “Oʻtgan bir yarim yil ichida Oʻzbekiston Prezidenti 25 oliy darajadagi tashrifni amalga oshirdi, 60 dan ziyod davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashdi, ular doirasida savdo va investitsiya sohalarida 400 dan ortiq shartnoma imzolandi”, deyiladi maqolada. “Oʻzbekiston rahbariyati oʻzining innovatsion yondashuvi hamda ichki va tashqi siyosati samarali ekanini amalda isbotladi, bu nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishidan manfaatdor xorijiy hamkorlari uchun ham muhimdir”. 

Jurnal sahifalarida, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, terrorizm va ekstremizmning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlari, energetika sohasidagi oqilona qarorlari haqidagi maqolalar ham chop etilgan. Xususan, “Ekstremizmning oldini olishning oʻzbek modeli” nomli maqolada hindistonlik mashhur ekspert Mina Sinx Roy Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatining oʻziga xos jihatlarini ochib berar ekan, mamlakat uchun taʼlim, diniy va dunyoviy bilimlarni egallash jamiyatni rivojlantirish va zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olishning asosi hisoblanishini qayd etgan. 

Bundan tashqari jurnalda ziyorat turizmi, Oʻzbekistonda sayyohlarning xavfsizlik darajasi, elektron va tranzit viza sohasidagi yangiliklar, shuningdek, mamlakatimizda joriy yilning kuzida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy va biznes tadbirlar haqida maʼlumot berilgan. 

“Business Magazine” jurnali bosh sahifasida “Oʻzbekiston –Hindiston: savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” sarlavhasi ostida Oʻzbekiston va Hindiston rahbarlari suratini chop etgan. Ushbu nashr Hindiston Tijorat va sanoat palatasi tomonidan Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan boʻlib, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar, Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar dinamikasi, sarmoyaviy imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Oʻzbekistonning sayyohlik jozibadorligiga bagʻishlangan. “Hindiston bilan biznes hamkorlik qilish uchun Oʻzbekiston barcha imkoniyatlarga ega: Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor, siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, tabiiy resurslarning boy zaxirasi, inson kapitali va energiya resurslari”, deyiladi jurnal maqolalarining birida. Nashr Hindiston xususiy sektori eʼtiborini Oʻzbekiston bilan investitsiyaviy hamkorlikka jalb qilishga qaratilgan. 

Hindistonning Mikro, kichik va oʻrta biznesi forumi tomonidan “Hindiston – Oʻzbekiston biznes hamkorligi” mavzusida maxsus nashr chop etildi. Unda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi chuqur aloqalar batafsil tahlil qilingan. Ikki tomonlama savdo aylanmasiga doir raqam va faktlar keltirilgan, Hindiston yirik biznes tuzilmasining Oʻzbekistondagi qoʻshma loyihalari, farmatsevtika sohasida investitsiya kiritish imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalar, sarmoyadorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va afzalliklar, transport kommunikatsiyalari, logistika, viza va boshqa tartib-taomillarga doir maʼlumotlar taqdim etilgan. 

“Visit Uzbekistan” jurnali toʻliq mamlakatimiz sayyohlik salohiyati va xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarga bagʻishlandi. Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan tayyorlangan nashrda turizmning qiziqarli yoʻnalishlari va hind jamoatchiligi uchun sarmoyalarga bagʻishlangan maqolalar, fotoreportajlar va yorqin materiallar jamlangan. Xususan, Shahrisabzda oʻtgan xalqaro maqom festivali, Buxoroda oʻtkaziladigan anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali, Oʻzbekiston shaharlarida “Xoychoy” hind filmining suratga olish jarayoni haqidagi materiallar, shuningdek, hind mualliflarining Samarqand, Margʻilon, Qoʻqon, Andijonga tashrifi, oʻzbek ipagi, sopol buyumlari, anʼanalari va mehmondoʻstligi haqidagi maqolalar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda. 

Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan “Business opportunities of Uzbekistan” (“Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari”) maxsus nashri tarqatildi. 

Nashrning oʻn ikki boʻlimida “Nima uchun Oʻzbekistonga investitsiya kiritish kerak?”, “Mikroiqtisodiy koʻrsatkichlar va tashqi savdo”, “Infratuzilma”, “Agro-sanoat majmuasi”, “Bozor”, “Eksport imkoniyatlari”, “Biznesni yuritish boʻyicha Jahon banki reytingida Oʻzbekistonning oʻrni”, “Xorijiy investitsiyalarning kafolati va himoyasi”, “Soliq siyosati”, “Xorijiy investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar” kabi mavzular yoritilgan. Alohida bobda “Angren”, “Gʻijduvon”, “Hazorasp”, “Jizzax”, “Qoʻqon”, “Navoiy”, “Namangan”, “Urgut” hamda farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari va ulardagi istiqbolli yoʻnalishlar toʻgʻrisida hikoya qilinadi. 

Jurnal Oʻzbekistonda biznesni yuritish imkoniyatlarini batafsil tahlil qilish va baholash uchun koʻplab infografika, jadvallar, reyting va yigʻma maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Nashr biznes forumlar, muzokaralar, V2V tadbirlari va taqdimotlarda xorijiy investorlar uchun manzilli tarqatishga moʻljallangan. 

Hindistonning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida – Mudofaa tadqiqot va tahlil instituti hamda Vivekananda xalqaro jamgʻarmasida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tahlilchi va ekspertlari Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan davra suhbatlarini oʻtkazdi. 

Ilmiy asosda fikr almashish chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar uchun mavjud ulkan salohiyat, shuningdek, xalqaro ahamiyatdagi masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash diqqat markazida boʻldi. 

Ekspertlar iqtisodiyotning real sektorida, taʼlim, farmatsevtika, turizm va savdo sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi. Hindiston ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasida katta istiqbollar mavjudligi taʼkidlandi. 

Hindistonning yetakchi tadqiqot markazlaridagi munozaralar ikki mamlakat ekspert hamjamiyatlari vakillariga Oʻzbekiston – Hindiston hamkorligining yangi davrida turgan vazifalar xususida tasavvur hosil qilish imkonini berdi. 

Taʼkidlash joizki, ayni kunlarda Hindistonda madaniy-gumanitar va akademik sohalarda turkum tadbirlar, sarmoyaviy taqdimot va biznes-forumlar davom etmoqda. 

Xususan, Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Hindiston milliy muzeyi hamkorligida hamda “Eriell” kompaniyasi homiylik koʻmagida Dehlida “Hindiston – Oʻzbekiston: madaniyatlar muloqoti” qoʻshma koʻrgazmasi ochildi. Shuningdek, Dehli, Noida va boshqa shaharlarda Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari boʻlib oʻtdi. 

 

Поделиться