O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Dilorom Toshmuhammedova yangi tizimdagi rahbarlik faoliyatini yangi markaz ochishdan boshladi

2018-09-15 | Jamiyat

Termizda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tubdan rekonstruksiya qilingan yangi binosi foydalanishga topshirildi. 

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M.Qobulova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.Toshmuhammedova va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarni har taraflama qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. 

Uch qavatli muhtasham binoda viloyat va Termiz shahar markazlarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Birinchi qavat “Oila” markazi bilan hamkorlikda ishlaydigan nodavlat tashkilotlarga ajratilgan. Ikkinchi qavatda shahar “Oila” markazi, boy kitob fondiga ega “Oila” kutubxonasi, oʻquv zallari, trenirlar uchun maxsus jihozlangan xonalar hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi joylashgan. 

“Oila” markazining viloyat boshqarmasi uchinchi qavatga joylashgan. Bu yerda keng, yorugʻ faollar zali ham bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlangan. Yer toʻlada oshxona va omborxona qurilgan. Barcha qavatlarga kuzatuv kameralari oʻrnatilgani, xonalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlangani ham xodimlarning ish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

– Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida tashkil etilgan yangi markaz xotin-qizlar qoʻmitasining eng yaqin hamkori va koʻmakchisiga aylanmoqda, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M.Qobulova.– Ayni paytda vohada maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, notinch va muammoli oilalarni aniqlab, manzilli roʻyxatlarini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash singari xayrli ishlarda markaz xodimlari yaqindan koʻmaklashayotir. “Oila– jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy tamoyilini keng targʻib qilishga intilmoqda. Yangi binoda markaz bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat boʻlimi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti va boshqa qator xoʻjalik yurituvchi tashkilotlarga ham xona ajratildi. Bu ularning markaz bilan yaqin aloqada boʻlib, ish yuritishida muhim oʻrin tutadi. 

Viloyatda 700 mingdan ortiq oila mavjud. Markaz xodimlari oilalar oʻrtasida “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga izchil tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishga bel bogʻlagan. Shu maqsadda zamonaviy oilani rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaning ichki munosabatlari, boy madaniy, tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish asosida oila institutini mustahkamlashga eʼtibor qaratmoqda. 

– Dastlabki tahlillarimizga koʻra, viloyatda 500 dan ortiq notinch oila bor, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbari D.Joʻrayeva. – Shuningdek, 4 ming 912 nochor, 372 oila ajrim yoqasida turgani maʼlum boʻldi. Hozir biz joylardagi ana shu oilalar bilan tadqiqot olib borib, ishlayapmiz. Oʻquv kursimizga tajribali psixolog, sotsiolog va huquqshunoslarni, reproduktiv markazi mutaxassislari, imom-xatiblar va otinoyilarni jalb etib, yosh oilalar, yigit-qizlar, nikohlanuvchi shaxslar ishtirokida seminar-trening mashgʻulotlari tashkil etilmoqda. Yangi binoda zimmamizga yuklangan barcha ishlarni sifatli, tezkor amalga oshirib, jamiyatimizning asosiy boʻgʻini boʻlgan oilalarni yanada mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratilgani bizni koʻproq izlanib, unumli mehnat qilishga undamoqda.

Tadbir ishtirokchilari zamonaviy qiyofada qad rostlagan koʻrkam binoda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA

Поделиться