O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar natijadorligi tahlil qilindi

2018-09-13 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni davlat byudjetiga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni toʻliq bajarish, 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, paxta-toʻqimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Bugungi yigʻilishimizda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qoʻshimcha rezervlarni ishga solish choralarini koʻrishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt boʻlsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoqbelgilab olishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 
 
Chunki iqtisodiy oʻsish – bu birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yoʻl-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, inflyatsiya va narxlarni jilovlash hamda odamlarni ish bilan taʼminlash deganidir. 

Biz bu borada oxirgi 2 yil mobaynida juda ulkan islohotlarni, koʻplab yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirdik va davom ettirmoqdamiz. Ushbu ustuvor vazifalarni va fuqarolarimiz hayotini yanada yaxshilash yuzasidan zimmamizga olgan majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarishimiz uchun respublika va mahalliy byudjetlarga qoʻshimcha daromadni koʻpaytirishimiz zarur. 

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investitsiya dasturlarini izchil amalga oshirishimiz kerak. 

Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun yetarli valyuta tushumini taʼminlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularning eksportini koʻpaytirishimiz darkor. Qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-toʻqimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor berishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Prezidentimizning joriy yil boshida bergan topshirigʻiga muvofiq, byudjetga qoʻshimcha daromad tushirish boʻyicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari koʻrilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat byudjetiga oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz koʻp daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy byudjetlarga tushumlarning oʻsishi 22 foizni tashkil etdi. 

Shavkat Mirziyoyev qoʻshimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligini taʼkidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolayotgan qoʻshimcha daromadlarni samarali va maqsadli sarflash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. 

Yigʻilishda joriy yilning 9 oyi va yil yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, narx-navo oʻsishining oldini olish, investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etildi. 

Davlatimiz rahbari maqsadli va prognoz parametrlariga erishishda muammo mavjud boʻlgan soha va tarmoqlarda ishlarni jadallashtirish, belgilangan koʻrsatkichlarni taʼminlash zarurligini taʼkidladi. 

Joriy yilda ishga tushirilishi moʻljallangan obyektlarni foydalanishga topshirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati tahlil qilindi. 

Har bir investitsiya loyihasini koʻrib chiqib, qoloqlik mavjud boʻlganlarini jadallashtirish, bunga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni hal qilish, ishlab chiqarishni tezroq boshlash muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, 2019 yilgi investitsiya dasturi loyihasini shakllantirishni yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, endi joylarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni yechish, ularni jadallashtirish boʻyicha ishlar mutlaqo yangi yondashuv asosida tashkil etiladi. Har bir hududga ishchi guruhlar borib, joriy yil oxirigacha loyiha taklifidan tortib, to uni amalga oshirishgacha boʻlgan jarayonda mahalliy hokimliklar va tashabbuskorlarga koʻmaklashadi. 

Yigʻilishda ushbu hududiy ishchi guruhlarning faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Eksport masalasi muhokama qilinar ekan, 9 oy yakuni bilan eksport hajmi 2017 yilning mos davriga nisbatan 19 foiz oshishi kutilayotgani qayd etildi. Prezident har bir eksportchi korxona va eksport qilinadigan mahsulot turi boʻyicha koʻmak berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirishni taʼminlash lozimligini taʼkidladi. 

Takroriy ekinlardan kutilayotgan 607 ming tonna eksportbop mahsulotlar, shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida issiqxonalarda yetishtiriladigan sabzavotni eksport qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. 

Davlatimiz rahbari bozorlarda narxlar oshishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligini taʼkidlab, 501 ming tonnadan ziyod qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxira qilish va ularni qish-bahor oylarida xalq ehtiyojiga mutanosib ravishda ichki bozorga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Yigʻilishda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Joriy yilda 20 ta tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, bu tajriba dastlabki natijalarini bera boshladi. 

Ilgari markazlashgan mablagʻlar hisobiga bajarilgan melioratsiya va irrigatsiya ishlari, qishloq xoʻjaligi texnikasini sotib olish kabi tadbirlarni endilikda klasterlar oʻz mablagʻlari hisobidan bajarayapti. Tomchilatib va plastik quvurlar orqali sugʻorishda ham klasterlar ilgʻor. 

Eng muhimi, klasterlardagi paxta hosildorligi boshqa fermer xoʻjaliklariga nisbatan 5-10 sentner yuqori boʻlishi kutilmoqda. 

Oʻzini oqlayotgan bu tizimni yanada kengaytirish maqsadida kelib tushgan takliflar koʻrib chiqilib, ishlab chiqarish quvvatlari va moliyaviy imkoniyati mavjud boʻlgan 44 ta tashabbuskor tanlab olindi. 2019 yilda 61 ta klaster tomonidan jami paxta maydonlarining 51 foizida paxta yetishtirish rejalashtirilmoqda. 

Kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtadi. Yangi tashkil etilayotgan klasterlar tomonidan 41 ta korxona tashkil etilib, 23 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. 

Yangi quvvatlarni tashkil etish va klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish natijasida, 2019 yilda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining 78 foizi oʻzimizda qayta ishlanadi. Bu 2017 yilga nisbatan 2 marotaba koʻp degani. 2020 yilga borib, paxta tolasini toʻliq qayta ishlashga oʻtiladi. Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga yetkaziladi. 

Shuning uchun klasterlar faoliyatiga har tomonlama yordam berishimiz zarur. Paxtachilikda qishloq xoʻjaligining kelajagi, uning iqtisodiy samaradorligi klasterlar bilan bogʻliq. Klasterlar agrar sohani jadal rivojlantirishning lokomotivi boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Joriy yilda paxta-toʻqimachilik klasterlariga berilgan barcha imtiyozlarni keyingi yillarda tashkil etiladigan klasterlarga ham tatbiq etish, klasterlar faoliyatini yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. 

2019-2023 yillarda qishloq xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini ishlab chiqish, sohaga xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
 

Manba: O'zA

Поделиться