O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi tomonidan Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
2018-08-30 | Jamiyat
2018 yil 29 avgust kuni Adliya vazirligida adliya vaziri oʻrinbosari A.Tashkulovning Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi guvohnomani tantanali topshirish tadbiriga ishtirok etish uchun kelgan AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi P.Spartlen bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, 2018 yil 15-18 may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev AQSHga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Tramp bilan tor va keng doirada oʻtkazilgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi bilan birga kelgusida ikki davlatlar oʻrtasida taʼlim sohasida ham oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda munosib hissa qoʻshishga qaratilgan Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlarining Oʻzbekistonda tashkil etilishi ijobiy qabul qilindi. Oʻz navbatida mazkur masala boʻyicha AQSH prezidenti D.Tramp Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishda AQSH tomonidan yaqindan amaliy yordam berilishi haqida ishontirgan.
Ustavga muvofiq ushbu tashkilotning asosiy maqsadi:
Amerika Qoʻshma Shtatlari fuqarolari bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni va yakdillikni mustahkamlash;
Talabalar, magistrantlar va oʻqituvchilar uchun xalqaro taʼlim almashinuvlari va amaliyotlarini tashkil etish;
Amerika taʼlimi dasturlari boʻyicha tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalarga bevosita aloqalar boʻlgan mutaxassislarni jalb etgan holda universitetlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamalashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish;
P.Spartlen Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida yuqori darajada yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni eʼtirof etib, uning mamlakatiga buyurilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan hamma kelishuvlar soʻzsiz amalga oshirilayotganligi alohida taʼkidlab, vakolatxonaning roʻyxatdan oʻtkazishida koʻrsatilgan koʻmak uchun oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Shu bilan birga tadbir jarayonida ishtirok etgan vakolatxona ishonchli vakillari tomonidan kelgusida Vakolatxonaning faoliyati ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida taʼlim sohasida samarali huquqiy asos yaratishi taʼkidlandi.