O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon banki prezidenti davlatimiz rahbariga minnatdorlik maktubini yoʻlladi
2018-08-29 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Sizga Jahon banki va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan muloqot va konstruktiv sheriklik yoʻlga qoʻyilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Sizning shu yil may oyida Vashingtonga qilgan tashrifingiz davomida boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvdan buyon oʻtgan davrda biz oʻzaro hamkorlikning koʻplab yoʻnalishlari boʻyicha sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdik.
Jahon banki guruhi ekspertlari Oʻzbekiston hukumatiga eng muhim masalalar, jumladan energetika tarmogʻini isloh qilish, soliq va savdo siyosatini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, Iqtisodiy kengashni tashkil etish va boshqa sohalar boʻyicha koʻmaklashish maqsadida mamlakatingizga muntazam ravishda tashrif buyurmoqda.
Yaqin hamkorlik amalga oshirilmoqda va umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollarlik 8 ta qoʻshimcha loyiha tayyorlanmoqda. Bu loyihalar iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarni hamda qishloq joylarda aholining hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturini qoʻllab-quvvatlashni ham oʻz ichiga oladi.
Men Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning surʼati, miqyosi va koʻlamidan hanuz chuqur hayratdaman. Sizga Oʻzbekiston inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha loyihamizning dastlabki bosqichlarida ishtirok etayotgani uchun ham samimiy minnatdorlik bildiraman. Siz ham mazkur yoʻnalishdagi yetakchi davlat rahbari sifatida bizning bu boradagi saʼy-harakatlarimizga shaxsan qoʻshilasiz, deb umid qilaman.
Oʻzbekistonga tashrif bilan kelish haqidagi taklifingiz uchun Sizdan minnatdorman hamda yaqin fursatda mamlakatingizda boʻlishdan umidvorman.
Hurmat bilan,
Jim Yong Kim,
Jahon banki prezidenti