O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo oʻyinlari qizgʻin pallada
2018-08-28 | Sport
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Musobaqaning karate bahslarida vazni 50 kilogrammgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Boboyeva finalga qadar Filippin, BAA hamda Tailand sportchilarini magʻlubiyatga uchratib kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Badiiy gimnastika bahslarining jamoaviy bellashuvlarida Sabina Toshkenbayeva, Nurinisso Usmonova, Dildora Rahmatova va Asal Ikromovadan tashkil topgan terma jamoamiz umumiy hisobda 155,3 ball bilan shohsupaning ikkinchi pogʻonasidan joy oldi.
Ogʻir atletika bellashuvida vazni 105 kilogrammdan ortiq boʻlgan polvonlar oʻrtasida tosh koʻtargan hamyurtimiz Rustam Jangabayev dast koʻtarishda 203, siltab koʻtarishda esa 252, umumiy hisobda 455 kilogramm natija bilan bronza medaliga sazovor boʻldi.
Bokschilarimiz – Hasanboy Doʻsmatov, Iqboljon Xoldorov, Jasur Latipov, Shunqor Abdurasulov, Bobo Usmon Boturov, Mirazizbek Mirzaxalilov va Isroil Madrimov chorak finalga yoʻl oldi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi 27 avgust holatiga koʻra, 6 oltin, 13 kumush, 12 bronza, jami 31 medal bilan umumjamoa hisobida 11 oʻrinda bormoqda.
J.Toshxoʻjayev, OʻzA