O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ekstremistik tashkilotlarning roʻyxati Adliya vazirligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi
2018-08-28 | Jamiyat
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida keng koʻlamli va samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar natijasida barcha sohalar rivojlanib bormoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va ularni ijro etish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joriy 2018 yilda koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ularning ijrosi amalga oshirilmoqda. Bugungi kundagi zaruriyati va tartibga solinishi lozim boʻlgan ijtimoiy munosabatlarning muhim ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning zarur ekanligini bilishimiz mumkin.
Masalan, 2018 yil 30 iyulda Oʻzbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunning maqsadi ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Ushbu qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyatga egadir. Negaki, ekstremizmning salbiy oqibatlari juda ham ayanchli va halokatli holatlarni yuzaga keltirishi hammamizga sir emas. Ekstremizm tufayli mamlakatning barcha tarmoqlari zarar koʻrishi bilan birga fuqarolar ham ogʻir asoratli zarbaga uchrashi mumkin. Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida ekstremizmga qarshi kurashish bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi. Shuningdek, ekstremizm tushunchasiga qonunda aniq taʼrif berilishi ham muhim ahamiyatga egadir. Ekstremizm deganda, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, hokimiyatni zoʻrlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini oʻzlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodasi ekanligi tushunilishi belgilandi. Ekstremizmga qarshi kurashish faoliyatining aniq mehanizmi ishlab chiqildi. Mazkur qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari belgilab qoʻyildi. Shu bilan birga, ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari ham belgilandi. Bundan tashqari ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining doirasi belgilandi. Mazkur qonun qabul qilinishi bilan ekstremizmning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Ularga quyidagilar kiradi:
Ekstremistik faoliyat belgilarini oʻz ichiga olgan, tayyorlanayotgan gʻayriqonuniy harakatlar toʻgʻrisida yetarlicha va avvaldan tasdiqlangan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hamda javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining mansabdor shaxsi ekstremizmning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻyayotgan mansabdor shaxslarga va jismoniy shaxslarga bunday faoliyatga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida yozma shaklda rasmiy ogohlantirish chiqaradi, ogohlantirishda uni chiqarishning aniq asoslari koʻrsatilishi lozim. Shuningdek, yuridik shaxslar faoliyatida ekstremizm belgilari aniqlansa prokuror yoki vakolatli mansabdor shaxs qonunbuzarlikka yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi. Belgilangan muddatda qonunbuzarliklar bartaraf etilmasa yuridik shaxsning faoliyati sudning qarori bilan olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan taqiqlanadi. Muayyan tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish sud tartibida amalga oshiriladi. Ekstremistik tashkilotlarning roʻyxati Adliya vazirligi va Oliy sudning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi. Ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik masalasi ham mazkur qonunda oʻz ifodasini topdi. Yaʼni, fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortiladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida roʻyxatga olingan mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilot Oliy sud tomonidan ekstremistik tashkilot deb topilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mazkur tashkilotning faoliyati taqiqlanadi hamda bu tashkilot tugatiladi, unga tegishli boʻlgan mol-mulk esa musodara qilinadi hamda davlat mulkiga oʻtkaziladi.