O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Davlat byudjetining 2018 yil I yarim yilligidagi ijrosini koʻrib chiqdilar
2018-08-28 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 27 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018 yil I yarim yillikdagi ijrosi yakunlarini koʻrib chiqdilar.
Ushbu masala dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining va Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, shuningdek, Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining kengaytirilgan majlislarida muhokamalardan oʻtkazilgan edi.
Majlis avvalida deputatlar Prezidentimizning 2018 yil 22 avgustda qabul qilingan, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining shakllanishi hamda ijrosi jarayonlarini takomillashtirishga, bunda xalqimizning bevosita ishtirokini taʼminlashga qaratilgan “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga alohida eʼtibor qaratib, ushbu hujjat byudjet maʼlumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirishga, byudjet mablagʻlarining shakllanishi hamda sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Majlisda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish boʻyicha mamlakatimiz Prezidenti va Hukumati tomonidan ertangi kun talablariga javob beradigan tizimli islohotlarning yuritilishi iqtisodiyotni yangi asosda tashkil etish, yanada erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifiqatsiya qilish, hududlarning xomashyo va resurs salohiyatidan oqilona foydalanish, faol investitsiya siyosati yuritish hamda biznes muhitini yaxshilashning keng imkoniyatlarini yaratib, 2018 yilning I yarim yilligida makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini taʼminlash imkoniyatini yaratgani alohida qayd etildi.
Buning natijasida, joriy yilning I yarmi yakuniga koʻra, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti qariyb 153 trillion soʻmni, bu borada oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2017 yilning mos davriga nisbatan sanoat – 6,1 foizga, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi – 2,7 foizga, qurilish – 9,7 foizga, savdo, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlar – 1,7 foizga, boshqa xizmatlar sohasi – 5 foizga oʻsishiga erishildi.
Yigʻilishda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda soliq-byudjet siyosati sohasidagi, xususan soliq maʼmurchiligini va byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2018 yilning birinchi yarmida Davlat byudjeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, 144,3 mlrd. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilishi taʼminlangani taʼkidlandi.
Deputatlar davlat byudjeti daromadlari ijrosiga toʻxtalib, hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 33 161,5 mlrd. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 47,7 foiz oʻsishiga erishilgani, belgilangan reja 4 863,7 mlrd. soʻmga ortigʻi bilan yoki 117,2 foizga bajarilganini ijobiy baholadilar.
Deputatlar Davlat byudjetining xarajatlariga ham alohida eʼtibor bilan yondashdilar. Bu xarajatlar (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 33 017,2 mlrd. soʻmni tashkil qilgani qayd etildi. Hisobot davrida Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilgani taʼminlanib, sohaga umumiy xarajatlarning 55,7 foizi miqdorida mablagʻlar sarflangan. Bunda asosiy eʼtibor aholining real daromadlarini izchil oshirib borish va ijtimoiy himoya qilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirishga, shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni taʼminlovchi arzon uy-joylar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish boʻyicha maqsadli dasturlarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga qaratilgani diqqatga molikdir.
Yigʻilishda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, arzonlashtirilgan uy-joylar qurish singari ijtimoiy ahamiyati yuqori boʻlgan yirik loyihalarni amalga oshirish borasida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat byudjeti ijrosining ustuvor yoʻnalishlari boʻlgani alohida eʼtirof etildi. Jumladan, taʼlim sohasiga ijtimoiy xarajatlarning 52,2 foizi ajratilgani, sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 4 178,8 mlrd. soʻmni tashkil etgani shuni koʻrsatib turibdi.
2018 yilda tez-tibbiy yordamni moliyalashtirish hajmi oshirildi. Hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarini markazlashgan tarzda dori vositalari va tibbiyotda qoʻllanish uchun moʻljallangan buyumlar bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etildi. Onkologiya muassasalarini moliyalashtirish hajmi 2017 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, hisobot davrida qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar hamda internat uylariga – 52,8 mlrd. soʻm, kichik yoshdagi nogiron bolalar uchun internat-uylariga – 18,9, uy sharoitida ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻlinmalariga – 18,1, nogironlar reabilitatsiya markazlariga – 12 mlrd. soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 1 397,8 mlrd. soʻm miqdorda mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Birgina bolalikdan nogironlar uchun toʻlanadigan nafaqalarga Davlat byudjetidan 511 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgani ushbu sohaga eʼtiborning kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy byudjetlarni shakllantirishda va mablagʻlardan samarali foydalanishda mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida mahalliy byudjetlarga 1 trln. 715 mlrd. soʻm miqdorida qoʻshimcha mablagʻlar tushirilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 6 barobarga koʻp boʻlib, ular bevosita mahalliy hokimliklar ixtiyorida qoldirilib, hududlarni rivojlantirishga hamda joylardagi mavjud muammolarni, yechimini kutayotgan masalalarni hal etishga sarflangan.
Shu bilan birga, deputatlar byudjet mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish, ularning noqonuniy ishlatilishi bilan bogʻliq ayrim kamchiliklar ham mavjudligini koʻrsatib oʻtdilar. Xususan, hisobot davrida ayrim byudjet tashkilotlarida mablagʻlarning ishlatilishi bilan bogʻliq moliyaviy huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygani, ayrim tarmoqlarda toʻlov intizomiga rioya etilmagani oqibatida debitorlik va kreditorlik, ayniqsa, byudjet oldidagi boqimanda qarzdorlikning yuzaga kelayotgani keskin tanqid qilindi. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini kuchaytirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, majlisda mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining hisobot davridagi ijrosi talabchanlik ruhida, tanqidiy-tahliliy tarzda koʻrib chiqildi.
Majlis yakunlariga koʻra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.