O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Norma ijodkorligi sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi
2018-08-27 | Jamiyat
Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir. Zero, islohotlar samarasi qonunlar va huquqiy normalarning mukammalligi, oʻzaro muvofiqligi va nuqsonsiz ishlashiga koʻp jihatdan bogʻliq.
Sohadagi mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida 2018 yilning 8 avgust kuni Davlatimiz rahbari tomonidan norma ijodkorligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan Farmon qabul qilindi.
Farmon bilan norma ijodkorligi sohasini takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiyaning tasdiqlanishi esa bu borada ayni muddao boʻldi.
Aynan shu mavzuda joriy yilning 26 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislar zalida respublika miqyosidagi tashkilotlar, xususan vazirliklar va idoralarning rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, yuridik xizmatlari va axborot texnologiyalari sohasidagi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirokida seminar oʻtkazildi.
Ushbu seminarda adliya vaziri Ruslanbek Davletov norma ijodkorligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan Farmon va Konsepsiyaning mazmun-mohiyati, ularda belgilangan talablarning hayotga tadbiq etilishi asosida kutilayotgan natijalar, bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklar, innovatsion islohotlar va boshqa shu kabi yangiliklar haqida maʼruza qildi.
Maʼruzada Farmon va Konsepsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirish bilan bir qatorda 2016 yildan boshlab hozirgi kunga qadar qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumot berilib, qabul qilingan ushbu hujjatlarning koʻrsatkichi 2017 yilda 2016 yilga nisbatan keskin oshganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Xususan, raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2016 yilda: qonunlar – 20 ta; Prezident Farmonlari – 18 ta; Prezident qarorlari – 129 ta; Vazirlar Mahkamasining qarorlari – 422 ta qabul qilingan boʻlsa bu koʻrsatkich 2017 yilda: qonunlar – 43 ta; Prezident Farmonlari – 108 ta; Prezident qarorlari – 522 ta; Vazirlar Mahkamasining qarorlari – 1043 tani tashkil etadi.
2018 yilning birinchi yarim yilligida esa bu koʻrsatkich, yaʼni qonunlar – 22 ta, Prezident Farmonlari – 67 ta, Prezident qarorlari – 212 ta, Vazirlar Mahkamasining qarorlari – 489 tani koʻrsatmoqda.
Seminar davomida Konsepsiya oʻz ichiga olgan asosiy yoʻnalishlarning har biri boʻyicha, jumladan qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qoʻllash hamda ushbu faoliyatning institutsional asoslarini takomillashtirish borasida toʻliq tushuntirish berildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga adliya vaziri tomonidan batafsil javoblar berilib, ularning norma ijodkorligi sohasiga oid taklif mulohazalari ham tinglandi.