O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo oʻyinlari-2018: Beshinchi kunda beshta medal
2018-08-24 | Sport
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilayotgan Osiyo oʻyinlari tobora qizgʻin pallaga kirib bormoqda.
Kuniga emas, soatiga medallar oʻz egalarini topmoqda. Sportning 30 turidan musobaqada ishtirok etayotgan 232 nafarli sportchilar delegatsiyamiz ham shu kunga qadar 19 medalni qoʻlga kiritdi. Shulardan 4 tasi oltin, 8 tasi kumush va 7 tasini bronza medallardir.
Kecha, beshinchi kun yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston sport delegatsiya beshta medalga sazovor boʻldi.
Jumladan, akademik eshkak eshuvchilarimizdan juftlik bahslarida Shahboz Holmurzayev va Shahboz Abdujabborovlar marraga birinchi boʻlib yetib bordi va oltin medalni terma jamoamiz hisobiga qoʻshib qoʻydi. Sardor Toʻlqinxoʻjayev va Alisher Turdiyevlardan iborat ikkinchi juftligimiz ikkinchi oʻrinni egallab, kumush medalga sazovor boʻldi. Toʻrtlik bahslarida ishtirok etgan sportchilarimiz – Islambek Mambetnazarov, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov esa bronza medali bilan kifoyalandi.
Taekvondo boʻyicha 49 kilogramm vazn toifasida bahslarda qatnashgan 17 yoshli sportchi Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Gonkong, Livan va Yaponiya vakillarini magʻlubiyatga uchratib, faqatgina finalda tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibasiga aylandi.
Sport gimnastikasida afsonaviy sportchimiz, 43 yoshli Oksana Chusovitina oʻzining sevimli uslubi hisoblangan tayanib sakrash mashqlarida ishtirok etdi va yakunda ikkinchi oʻrindan joy oldi.
Futbol boʻyicha olimpiya terma jamoamiz musobaqaning nimchorak finalida Gonkong termasi ustidan yirik – 3:0 hisobida gʻalaba qozonib chorak finalga yoʻllanma oldi. Endi Ravshan Haydarov shogirdlari 26 avgust kuni navbatdagi bosqichda Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushadi.
Bugun boshlangan bahslar oldidan terma jamoamiz medallar jamgʻarish boʻyicha 9-oʻrinni egallab turibdi. Jami 116 ta medalni qoʻlga kiritib ulgurgan Xitoy terma jamoasi katta farq bilan (55 ta oltin, 40 ta kumush, 21 ta bronza) medallar jamgʻarish boʻyicha birinchi oʻrinda bormoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya terma jamoalari ikkinchi va uchinchi oʻrinlardan joy olib turibdi.
Oybek Yunusov, OʻzA