O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida o’tkazilgan o’rganish natijalari
2018-08-20 | Jamiyat
Bugungi kunda respublikamizning barcha viloyatlarida hayotimizning har sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli ta’minlash va ximoya qilish yo’lida ichki ishlar organlari tunu-kun xizmat olib borib, davr talablariga mos ravishda yangicha yondashuv va uslublarni joriy etish orqali faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko’rilmoqda.
Xorazm viloyatida ham keng ko’lamli islohotlar o’z samarasini bermoqda. Har bir fuqaroning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash yo’lida viloyat hududida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari va jamoatchilik vakillarining yaqin hamkorligi yo’lga qo’yilgan. Viloyat mahallalarida tashkil etilgan 515 ta jamoatchilik nazorat maskanlari hamda o’tkazib kelinayotgan “tun” profilaktik tadbirlari ham bu borada yuqori samara bermoqda. Olib borilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar va aholi o’rtasidagi tushuntirish ishlari natijasida viloyatda jinoyatlar sezilarli darajada kamaydi.
Erishilgan ijobiy ko’rsatkichlar bilan birga ichki ishlar organlari faoliyatida ayrim kamchiliklarga yo’l qo’yilmoqda. O’rganish va tahlillar bugungi kunda islohotlarning to’laqonli ijrosi quyi tizimlarda talab darajasida yo’lga qo’yilmayotganligini ko’rsatmoqda.
Bunday holatlarga sabab bo’layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida, Ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 12-16 avgust kunlari Xorazm viloyatining barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasida batafsil o’rganishlar olib borib, ularning yakuni bo’yicha har bir tarkibiy tuzilma va xodimlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi.
O’rganishlar davomida Ichki ishlar vaziri Xazorasp, Bog’ot, Yangiariq, Xonqa, Urganch tumanlarida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi. Har bir tumanda sektor rahbarlari hamda shaxsiy tarkib ishtirokida o’tkazilgan yig’ilishlarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida 2018 yil 27 iyul kuni o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida qayd etilgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir masalalar, ichki ishlar xodimlarining ma’naviy etukligi va huquqiy savodxonligini oshirish, qonuniylik va xizmat intizomiga rioya etilishini ta’minlash, faoliyatni samarali tashkil etish, aholidan kelib tushgan har bir murojaat atroflicha va yuqori mas’uliyat bilan ko’rib chiqish, tizimning sohaviy yo’nalishlarida mavjud kamchilik va muammolar, shuningdek, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi tomonidan ko’tarilgan ijtimoiy muammolarni o’z vaqtida hal etish kabi masalalar birma-bir muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Ishchi guruhi “Xavfsiz shahar” kontseptsiyasi asosida Urganch shahrida o’rnatilayotgan videokuzatuv moslamalarining ishlash jarayonlari bilan tanishdi. Shu o’rinda qayd etish joizki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida shahar hududida jinoyatlarning asosiy qismi sodir etilayotgan aholi gavjum joylarda 909 ta videokuzatuv kameralari o’rnatilishi huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, ularni tezkorlik bilan fosh etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Xorazm Akademik litseyi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Litseyda ta’lim olish jarayonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida, litseyga zamonaviy sport anjomlari sovg’a qilindi hamda litsey kutubxonasini badiy adabiyotlar bilan boyitish bo’yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vaziri yaqinda to’liq rekonstruktsiya qilingan Xazorasp tumani IIB xuzuridagi tumanlararo Qo’riqlash bo’limi hamda tumandagi Shovot mahalasiga xizmat ko’rsatuvchi 155-sonli ichki ishlar organlari tayanch punktida bo’ldi. Ushbu mahallada so’nggi 2 yil davomida birorta jinoyat sodir etilmaganligi alohida e’tirof etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida yo’lga qo’yilgan ushbu ijobiy tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish topshirildi.
Shu kuni Bog’ot tumani IIBga qarashli tumanlararo Qo’riqlash bo’limining qurib foydalanishga topshirilgan yangi binosining ochilish marosimi ham o’tkazildi. Bo’limda xodimlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida faoliyati yo’lga qo’yilgan qo’riqlash tizimi bilan yaqindan tanishildi, bo’limning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun yangi xizmat avtomashinalari topshirildi.
O’rganishlar yakuni bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi.
Yig’ilishda joriy yilning o’tgan davri mobaynida Xorazm viloyatida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy jinoyatlar 781 taga yoki 41,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 434 taga yoki 41,1 foizga kamayganligi qayd etildi.
O’z navbatida viloyatning ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda noo’rin hatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda ularning qo’l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib borilmayotganligi oqibatida yo’l qo’yilgan kamchiliklar aholining haqli e’tiroziga sabab bo’layotganligi ko’rsatib o’tildi.
Respublikaning boshqa hududlarida bo’lgani kabi Xorazm viloyatida ham jinoyatchilikning tub ildiziga to’liq etib borilmayotganligi, jinoyatlarning asl sabablari o’rganilmasdan, mahalla, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalaridagi muhokamalar nomiga tashkil qilinib, rasmiyatchilik bilan o’tkazilishiga yo’l qo’yilayotganligi tanqid qilindi.
Xususan, viloyatda joriy yilning etti oyi mobaynida jinoyatchilik kamayganiga qaramasdan, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat birmuncha og’irlashgan. Shovot va Yangiariq tumanlarida qotillik, Xonka, Urganch va Qo’shko’pir tumanlarida og’ir shikast etkazish jinoyatlari ko’paygan.
Mahallalarda fuqarolar o’rtasidagi o’zaro kelishmovchiliklar va ularni o’z vaqtida bartaraf etish choralari ko’rilishiga jiddiy va mas’uliyatli yondashilmayotganligi natijasida, joriy yilning etti oyi mobaynida
3 ta qotillik va 17 ta tan jarohati etkazish jinoyatlari oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.
Shovot, Gurlan, Xazorasp, Qo’shko’pir tumanlari va Xiva shahrida iyun va iyul oyilarining o’zida jinoyat qidiruv yo’nalishi bo’yicha sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshgan. Urganch shahrida jinoyatlarning
77 tasi ko’chalarda, 69 tasi esa qo’riqlashga olinishi lozim bo’lgan ob’ektlarda sodir etilganligi qayd etilib, jamoat tartibini saqlash va qo’riqlash sohasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish bo’yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ayollar va voyaga etmaganlar o’rtasida jinoyatchilikning oldini olish, yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash, profilaktik tadbirlarga sog’liqni saqlash organlari va o’quv yurtlarida faoliyat olib borayotgan psixologlarni jalb qilish masalalarida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar ko’rsatib o’tildi. Muhokamalar davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to’laqonli anglab etmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan, o’z ustida ishlamasdan, fuqarolarning manfaati yo’lida jonbozlik ko’rsatmagan Yangibozor tumani IIB boshlig’i vazifasini bajaruvchi J.Piryazov, IIB boshlig’ining yoshlar masalalari bo’yicha o’rinbosari Yu.Axmedov, Jinoyat qidiruv bo’linmasi boshlig’i I.Salaev, Urganch tumani IIB boshlig’ining yoshlar masalalari bo’yicha o’rinbosari Sh.Jumanazarov, Qo’shko’pir tumani IIB boshlig’ining birinchi o’rinbosari Sh.Xasanov, Yangiariq tumani IIB boshlig’ining xizmat bo’yicha o’rinbosari X.Nurmetovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.
Shuningdek, faoliyatida yo’l qo’ygan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo’llanildi.
Yig’ilish so’nggida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar bo’yicha aniq topshiriqlar berildi.
Ishchi guruh o’z faoliyatini davom ettirmoqda.