O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Respublikasi o‘qituvchilari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2018-08-16 | Ta’lim
Joriy yilning 10-avgust kuni Xalq ta’limi vazirligida Koreya Respublikasining o‘qituvchilar delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif buyurgan o‘qituvchilar Koreya Respublikasidagi “Yilning eng yaxshi darsi” mahorat tanlovi g‘oliblaridir.
Eslatib o‘tamiz, 7-8-avgust kunlari A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida koreyalik o‘qituvchilar delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi sohasi o‘qituvchi va mutaxassislari uchun seminar o‘tkazilib, unda koreyalik mehmonlar darslarda ishlash uslublari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi, Janubiy Koreya o‘qitish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirishib, intizom, matematika, chet tillari, adabiyot va ijtimoiy fan o‘qituvchilari uchun master-klasslar o‘tkazishdi.
Uchrashuv davomida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Umarov mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari Janubiy Koreyaning eng yaxshi o‘qituvchilari o‘zlarining boy tajribasini O‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘rtoqlashishgani O‘zbekiston Respublikasidagi maktablarida o‘qitish uslublarini takomillashtirishda katta yordam berishini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlikning yorqin namunasi va hamkorlikni yanada mustahkamlashning bosqichlaridan biri hisoblanadi.