O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot klinikalari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochadi
2018-08-15 | Sog‘liqni saqlash
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, nufuzli tashkilotlar hamda soha mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalarni O‘zbekistonda tatbiq etishga ko‘maklashib kelmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tanqidiy o‘rganish va uni tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq, bugungi kunda O‘zbekiston Tibbiyotini tubdan takomillashtirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bunda mavjud muammolar, soha ekspertlarining fikrlari hamda xorij mamlakatlarining eng ilg‘or tajribalari o‘rganilmoqda.
Xususan, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazib, bir qator tibbiyot muassasalari hamda ijtimoiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya a’zolari yirik tibbiyot muassasalari — Puchon shahri markaziy poliklinikasi va Puchon ko‘p tarmoqli shifoxonasi, Kvanju shahar tez tibbiy yordam markazlarida aholiga tibbiy va ijtimoiy xizmatlarning ko‘rsatilishini o‘rgandilar.
Tashrif davomida Jahon tadqiqotlar markazining Markaziy Osiyo instituti direktori Yung Xun Cho, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri faxriy maslahatchisi Kim Yunse, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi - Aju universiteti prezidenti Yun Tayek-Rimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida mamlakatimiz vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdilar. Jumladan, O‘zbekistonda Tibbiyotni tubdan takomillashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilayotganligi va bunda sog‘liqni saqlash sohasi eng rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan Janubiy Koreya tajribasini o‘rganish bugungi kunda muhim ekanligi ta’kidlandi.
Janubiy Koreyaning kadrlar tayyorlash tizimi bilan ham yaqindan tanishildi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislar Aju universiteti, uning tibbiyot markazi va shifoxonasi, Chonnam milliy universiteti va uning qoshida tashkil etilgan shifoxonaga tashrif buyurib, zamonaviy ta’lim tizimi hamda amaliyot jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, Chonnam milliy universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashuv tashkil etilib, ularga yaratilgan sharoitlar hamda ta’lim tizimi haqida suhbatlashildi.
Bundan tashqari, Milliy tibbiyot sug‘urta xizmatlari mintaqaviy ofisi rahbari Kim Bek-su bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Janubiy Koreyadagi tibbiy sug‘urta tizimi faoliyati, xizmat ko‘rsatish mexanizmlari haqida foydali ma’lumotlar to‘plandi. Shuningdek, Chong xususiy tibbiyot birlashmasi faoliyati, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi.
Shu kunga qadar o‘tkazilgan 15 dan ziyod uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va klinikalarining filiallarini tashkil etish, shuningdek, o‘zbekistonlik shifokorlarning Janubiy Koreyada qisqa muddatli malaka oshirishi bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Muzokaralarda ta’kidlanganidek, bu, eng avvalo, O‘zbekistonda malakali kadrlar tayyorlash hamda soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish yo‘lidagi yana bir katta qadam bo‘ladi.
Barcha uchrashuvlarda koreyalik mutaxassislar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga, xususan, bugungi kunda yurtimizda rejalashtirilayotgan tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga, tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanligini bildirdilar. Hamkorlik doirasida, shuningdek, Koreyaning Tibbiy sug‘urta xizmati vakillari tajribali mutaxassislarni maslahatchi-ekspert sifatida O‘zbekistonda faoliyat olib borishlari bo‘yicha bildirilgan taklifni ham qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimiga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar koreyalik mutaxassis va ishbilarmonlarni qiziqishiga sabab bo‘ldi, xususan, yetakchi xususiy klinikalar vakillari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishni rejalashtirishini bildirdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifi 2018-yilning 15-avgustiga qadar davom etadi. Dastur doirasida vakillarimiz Janubiy Koreya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi, Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirligi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi hamda Kvandon universiteti qoshida tashkil etilgan tibbiyot universitetiga tashrif buyuradilar.
Tashrif davomida, shuningdek, O‘zbekistonga investitsiya kiritish niyatidagi koreyalik yirik sarmoyadorlar, nufuzli kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi, mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoit va qulayliklar haqida taqdimotlar o‘tkaziladi.