O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Xalqaro maqom san’ati anjumani”ning ramziy belgisi tasdiqlandi
2018-08-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 17 noyabrdagi PQ-3391 sonli hamda 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-3656-sonli Qarorlariga asosan Shahrisabz shahrida joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari “Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi.
Ayni paytda anjumanga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in tus olgan. Jumladan, milliylikni o‘zida aks ettiruvchi liboslar, aktyorlar joylashuvi va hudud atrofida ularning yurishlarini tashkil etish, Oqsaroy hududidagi maydonlarni hududlar kesimida taqsimlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan anjumanda ishtirok etish uchun hududiy ijodiy-ishchi guruhlarni tuzib, o‘z hududiga xos bo‘lgan milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari aks etgan ssenariy va dasturlar loyihalarini ishlab chiqish va unga asosan musiqiy ketma-ketlik va videoroliklarini tayyorlash kabi bir qator vazifalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.
Anjumanning ramziy belgisi tasdiqlandi, anjuman sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat loyihalari, statuetka namunalarini ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Tashkiliy qo‘mitaga kiritildi.
Anjuman uchun maqom san’ati haqida ma’lumotlarga asoslangan “Maqom nima?” kitobi (3 ta tilda - o‘zbek, rus, ingliz) yaratildi va nashrga tayyorlanmoqda.