O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida huquqiy masalalar bo‘yicha Ekspert kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2018-08-14 | Jamiyat
2018 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona sohasida sodir etilayotgan qonunbuzarliklar sabablari va ularga imkon yaratayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, oldini olish va profilaktika qilishga bag‘ishlangan Huquqiy masalalar bo‘yicha Ekspert kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga qilingan Murojaatnomasida berilgan topshiriqlarni bajarish borasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan biznes hamjamiyati o‘rtasida qonunbuzarliklar oldini olish, ularni keng muhokama qilish va ta’sir choralari ko‘rish yo‘lida izchil ishlar olib borilayotganligi e’tirof etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddi vazirlik, muassasalar mutaxassislari, biznes hamjamiyati vakillari bilan hamkorlikda joriy yilning 1-yarim yilligida tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq va bojxona sohalarida sodir etilgan qonunbuzarliklarning sabablari va imkon yaratgan shart-sharoitlar atroflicha tahlil qilindi hamda ularni bartaraf etish va profilaktika qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bosh prokuratura, DSQ va DBQ tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga muvofiq, ko‘rsatilgan muddat mobaynida 768 ta bojxona va 21773 ta soliq qonunchiligini buzish holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga jinoiy, ma’muriy va fuqarolik qonunchiligida belgilangan javobgarlik choralari, so‘nggi vaqtda ushbu sohada bo‘lgan o‘zgarishlar mohiyati tushuntirildi, aniq misollarda tadbirkorlik faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xatolar hamda tadbirkorlik sohasida profilaktika ishlari muhimligi alohida ta’kidlanib o‘tildi.