O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindistonlik ishbilarmonlar bilan videomuloqot
2018-08-09 | Jamiyat
Toshkent shahrida 8 avgust kuni O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralarining onlayn videomuloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Hindiston Savdo palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda iqtisodiyot, energetika, savdo, sarmoya, tibbiyot, kimyo va elektron mahsulotlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas’ul konsern va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov 6-7 avgust kunlari Hindistonda ikki mamlakat vazirlik, yirik korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar yakunlari haqida ma’lumot berdi. Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar shu yil 16-18 avgust kunlari poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston Hindiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forum ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Videokonferensiyada O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo, farmatsevtika, tekstil, tibbiyot, turizm va logistika tarmoqlaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishbilarmon doiralarning takliflari tinglandi. So‘nggi ikki yilda turizm, logistika va tibbiyot sohalarida tovar va xizmatlar ayirboshlash hajmi jadal o‘sgani, boshqa sohalarda ham shunday rivojlanish sur’atlarini ta’minlash uchun imkoniyatlar yuqori ekani qayd etildi.
– Salkam 10 yildan buyon tibbiyot yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanaman, – deydi Toshkentdagi “Astam Healthahe” kompaniyasi direktori Manoj Kumar. – Ushbu onlayn uchrashuvda dori-darmon mahsulotlarini ro‘yxatga olish tizimini qayta ko‘rib chiqish va ikki tomon uchun ham qulayliklar yaratish bo‘yicha o‘z takliflarimni berdim. Bunday muloqotlar o‘zaro savdo hajmini oshirish va ishbilarmonlar aloqalarini yanada yaxshilashda qo‘l keladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida istiqbolli hamkorlikni kengaytirish, Toshkentda “O‘zbekiston – Hindiston tadbirkorligini rivojlantirish markazi”ni tashkil etish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Dilobar Mamatova, O‘zA