O‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligi tobora mustahkamlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, ayniqsa, madaniy-gumanitar sohada izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Tojikiston bo‘ylab tashkil etilgan tanishuv safari buning yana bir yorqin dalilidir.
O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch, o‘xshash an’analar birlashtirib turadi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi, birinchi navbatda oddiy odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekistonlik jurnalistlar dastlab Sug‘d viloyati Xo‘jand shahridagi Matbuot qasrida “Haqiqati Sug‘d“, “Sogdiyskaya pravda“ va “Sug‘d haqiqati” gazetalari faoliyati bilan tanishdi.
– Tojikiston va O‘zbekiston Prezidentlarining sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi, – deydi “Sug‘d haqiqati” gazetasi bosh muharriri Farhod Jo‘rayev. – O‘zbekistonlik hamkasblarimizning Xo‘jand shahriga tashrifidan boshimiz ko‘kka yetdi. O‘ylaymanki, ushbu safar OAV sohasida tajriba almashish va konstruktiv muloqot uchun maydon bo‘ladi.
Shundan so‘ng viloyat ijodkor ziyolilari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Anjumanda ijtimoiy-madaniy sohadagi hamkorlik borasida fikr almashildi. Qayd etilganidek, hozirgi kunda O‘zbekiston bilan Tojikiston ilmiy muassasalari, o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, ijodiy jamoalari o‘rtasida aloqalar faollashdi. Tadbirda mavjud salohiyatdan kelib chiqib ta’lim, ishlab chiqarish, ilm-fandagi yutuq va tajribalarni almashish bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada taklif va tavsiyalar berildi.
Keyingi manzil viloyatning Bobojon G‘ofurov tumanidagi “Arbob” tarixiy qasri bo‘ldi. Ushbu majmua tojik xalqi uchun juda ahamiyatli hisoblanadi. Tojikiston Prezidenti tashabbusi bilan 2012-yilda bunyod etilgan Milliy choyxona binosi ham katta taassurot qoldirdi.
“Sug‘d” erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishuv chog‘ida bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar, tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. Ishlab chiqarish subyektlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada yaxshilash, hamkorlikda turli mahsulotlar ishlab chiqarish, qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Sug‘d viloyatining tarixiy muzeyi jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tojik xalqi tarixini aks ettirgan muzeyda 15 mingdan ortiq eksponat mavjud. Bu yerda har bir davrga tegishli tarixiy yodgorliklardan tortib, Tojikistonning yaqin o‘tmishdagi tarixi aks etgan lavhalar bor.
Kamol Xo‘jandiy nomidagi bog‘da tojik milliy hunarmandligi va qo‘l mehnati mahsulotlari yarmarkasi qardosh xalqning mehmondo‘stligi, insonlarning samimiyligi va xushchaqchaqligini tarannum etgan mazkur ko‘rgazma konsert dasturiga ulanib ketdi.
O‘zbekistonlik jurnalistlarning Tojikistonga safari davom etmoqda.
Nurillo Nasriyev, O‘zA