O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan turistlarning o‘rtacha xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish uchun tanlanma so‘rovnomalar o‘tkazildi
2018-08-08 | Turizm
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda, respublika bo‘yicha turizm xizmatlari eksportining asosini tashkil qiluvchi o‘rtacha bitta turist xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish uchun 2018 yilning 4-30 iyun kunlari “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti”da, Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining asosiy chegara bojxona postlarida tanlanma kuzatuvlari tashkil etildi.
Kuzatuv davrida jami 10 249 nafar tashrif buyuruvchilardan so‘rov o‘tkazildi. Shulardan 5 754 nafarini xorij fuqarolari (eksport xizmatlari) hamda 4 495 nafarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (import xizmatlari) tashkil etdi. Kuzatuv natijalarini umumlashtirish, turizm xizmatlari eksportining haqiqiy miqdorini hisoblash maqsadida, xorijiy turistlar tashrif buyurgan mamlakatlarni inobatga olgan holda qo‘shni mamlakatlar, MDH va uzoq xorijiy davlatlar bo‘yicha differensiyalangan bir tashrif buyuruvchining o‘rtacha xarajatlar ko‘rsatkichlari shakllantirildi.
Turizm xizmatlari importini aniqlash uchun, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet el mamlakatlarida qilingan o‘rtacha xarajatlari ham hisoblandi.
Kuzatuv davomida olingan natijalar asosida 2017 yil va 2018 yil yanvar oyidan turizm xizmatlari eksport-import ko‘rsatkichlari qayta hisoblab chiqildi va keyingi davrlar uchun eksport-import xizmatlari hajmlarini shakllantirishda ushbu ko‘rsatkichlardan foydalanish joriy etildi.