O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazir aholi muammolarini hal etishga ko‘maklashadi
2018-08-06 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri har shanba kuni qabulidagi fuqarolar so‘zlariga quloq tutadi, muammolarini hal etishga ko‘maklashadi, takliflarini qabul qiladi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, vazir Baxtiyor Sayfullayev qabulida bo‘lgan bir-necha fuqaro I.Saviskiy nomidagi qoraqalpoq davlat san’at muzeyining sobiq rahbarini qayta lavozimga tayinlash taklifi bilan kelgan ekan. Vazir ular bilan suhbatda bo‘lib, hozirgi kunda barcha muzeylarda inventarizatsiya ishlari (eksponatlarni qayta xatlovdan o‘tkazish) amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Xatlov yakunidan so‘ng, bu masala bir yechimini topish mumkinligi va o‘rnatilgan tartibda yondashish lozimligini aytib o‘tdi.
Fuqaro Gulchehra Yusupova ham bir oy oldin vazirga murojaatnoma yo‘llagan edi. Unda mashhur raqqosamiz O‘zbekiston xalq artisti Tamaraxonimning qabr toshlarini qayta tiklab berish masalasi qo‘yilgan edi. Ustozining qabr toshini yangilab, yon atrofini obodonlashtirib bergan rahbarga fuqaro o‘z minnatdorligini bildirdi va Tamaraxonim uy-muzeyi bo‘yicha bir qator takliflarida amaliy yordam so‘radi.
Shuningdek, ta’lim yo‘nalishi, ish bilan ta’minlanish va boshqa masalalar yuzasidan fuqarolar rahbar qabulida bo‘ldi.