“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan MTO va Separex texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Albatta, aksiyadorlik jamiyatining “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan bunday hamkorligi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning may oyida AQSHga qilgan rasmiy tashrifi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha AQSHning qator kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlarga bog‘liqdir.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati ma’lum qilishicha, tomonlarning kelishuviga asosan 3,2 milliard AQSH dollari qiymatiga ega loyihani amalga oshirish bo‘yicha masalani o‘rganish ko‘zda tutilgan. MTO (metanoldan olefinga) texnologiyasini qo‘llash orqali tabiiy gazdan metanolni, metanoldan olefinni hamda olefindan boshqa mahsulot olish bo‘yicha ishlab chiqarish kompleksidir. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish va tasdiqlash natijalariga ko‘ra, MTO texnologiyasi litsenziya egasi bo‘lmish “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan keyingi hamkorlik shakllari muhokama qilinadi.
Separex membranaviy tizimlar tabiiy gaz tarkibidan suv va kislotali gazni chiqarib tashlash uchun ishlatiladi. Tizimlar burma qilib o‘rnatilgan membranali elementlarga ega blokli asosda yetkaziladi. Kompaniya mutaxassislarning ta’kidlashicha, Separex membranaviy tizimlarning erituvchi moddalarda ishlaydigan oddiy protsessorlardan farq qiluvchi afzalliklari shundaki, qayta ishlanayotgan tabiiy gaz sifati ancha yuqori hamda kapital va ekspluatatsion harajatlar ancha past.
Ushbu fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, “Honeywell UOP” kompaniyasining “Separex” texnologiyasi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining gazni qayta ishlash korxonalari uchun juda muhimdir.
O‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, “Honeywell UOP” kompaniyasi “Separex” gaz ajratuvchi blokning tajriba-sanoat sinovini “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati korxonalaridan birida o‘tkazadi. Olingan natija asosida ushbu texnologiyani mamlakatimizdagi boshqa gaz qayta ishlash korxonalarida joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA