O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qalin hamkorlik, mushtarak maqsad ro‘yobi
2018-08-06 | Siyosat
Ayni paytda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalar ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat delegatsiyalarining tashriflari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida quyi palata Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida kechgan uchrashuvda o‘zaro aloqalarning istiqbollari, xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali ikki davlat hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Dastavval mehmonlarga mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, xavfsizlik va millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda o‘zaro manfaatli, amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati va tuzilishi, deputatlik birlashmalari, qo‘mitalar, komissiyalar va xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik qilish doirasida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari, qonunchilik tizimidagi yangiliklardan xabardor qilindi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar parlamentlararo aloqalar barqaror rivojlanib borayotgani, ayni paytda bu borada ikki mamlakat salohiyati darajasida yangi bosqichga olib chiqish uchun hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud ekanini qayd etdilar.
O‘z navbatida, Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj samimiy qabul uchun o‘z minnatdorligini bildirar ekan, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, doimiy ravishda muloqot olib borish muhimligi, bu boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikning rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, yuqori martabali mehmon ikki mamlakatning global va mintaqaviy masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashligini bildirib, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar munosabatlarni rivojlantirish mushtarak maqsad ekanini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama etildi.