O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq ta’limi vazirligida “Buyuk kelajak” XNNT hamda KPMG kompaniyasining maslahat kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2018-08-06 | Ta’lim
Joriy yilning 2-avgust kuni Xalq ta’limi vazirligida “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti hamda KPMG kompaniyasining maslahat kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Ta’lim salohiyati” yo‘nalishi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasining 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modeli konsepsiyasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha asosiy masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida vazir Sh.Shermatov hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i T.Aglamov “Buyuk kelajak” XNNTning asoschisi B.Ismoilov, tashkilotning direktor o‘rinbosari Z.Azimova, tashkilot eksperti F.Abdullaxanov, KPMG xalqaro strategiya guruhi direktori S.Chekmazova, KPMGning bosh maslahatchisi A.Dinkevich, KPMG menejeri Ch.Babayev hamda KPMG maslahatchisi F.Tursunxodjayevlar bilan muzokara olib bordi.
Eslatib o‘tamiz, KPMG professional audit, soliq va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan dunyodagi eng yirik auditorlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. U Deloitte, Ernst & Young va PwC singari yirik auditorlik kompaniyalari bilan bir qatorda “Katta to‘rtlik”dan joy olgan.
Qizg‘in kechgan muhokamalar jarayonida kengash xalq ta’limi tizimining bugungi holati va tezda bartaraf etilishi zarur bo‘lgan muammo va kamchiliklar bilan tanishdi.
Uchrashuv so‘ngida ta’lim sohasi sifatini isloh etish hamda takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. O‘z navbatida, vazir Sh.Shermatov “O‘zbekiston Respublikasining 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modeli konsepsiyasi”ni hamkorlikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.