O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar xalq orasida
2018-08-06 | Jamiyat
Deputatlarning joylarda aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazishi, fuqarolarni qiynayotgan muammolarini tinglab, ularga qonun doirasida ijobiy yechim topish, bugungi kunda an’anaga aylandi. Bu borada partiyaning Olmazor tumani Kengashi deputatlari ham jonbozlikni qo‘ldan boy berishmayapti. Barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmizki, bugunning deputati xalq orasida odamlar dardu tashvishi, turmush farovonligi yo‘lida tinimsiz harakatdalar.
Ma’lumki, partiyaning “Adolat-qonun ustuvorligi” loyihasi doirasida haftaning chorshanba kunlarida tuman Kengashlarida deputatlar bilan birgalikda mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda. Bu jarayonda fuqarolardan tushayotgan murojaatlar, takliflar atroflicha o‘rganilib, ayrimlarini shu joyning o‘zidayoq hal etilayotgani quvonarlidir. Bu esa deputatlar ko‘magi bilan xalq manfaatlarini ta’minlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Xususan, Olmazor tumani Kengashidagi ishchi guruh a’zolari “Abu Bakr Shoshiy” va “Hofiz Ko‘hakiy” mahallalari ahli bilan suhbatda bo‘lishdi. Unda fuqarolar Mirsaid Abdullayev hamda Rixsiboy Yo‘ldoshevlar bugungi kunda nogironlik aravachasini olishda muammolarga duch kelayotganini bildirishdi.
Tuman Kengashi deputati Luiza Hikmatova shu onning o‘zidayoq ushbu fuqarolarning nogironlik holatini o‘rganib chiqdi. Ularga yengillik yaratish maqsadida deputat tezkorlik bilan tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limiga deputatlik so‘rovini yubordi. O‘z navbatida tegishli tashkilot ham qisqa fursatlarda murojaatga ijobiy javob qaytardi. Natijada bugungi kunda yuqorida keltirilgan fuqarolar nogironlik aravachasi bilan ta’minlandilar. Albatta, fuqarolar ham deputatning bunday amaliy ko‘magidan ko‘ngillari shod bo‘ldi.
-Nogironligim sabab necha yillardan buyon qiynalar edim. Deputat yordami bilan nogironlik aravachasiga ega bo‘ldim, - deydi Mirsaid Abdullayev. – Hozirda qulaylikka ega bo‘lganim sabab, sog‘ligimda biroz bo‘lsada tetiklikni his etmoqdaman. Sahiy tadbirkorlarimiz, deputatlarimiz orasida mana shunday insonlar manfaatlarini o‘ylab, yordam qo‘lini cho‘zuvchilari ko‘payaversin.
Shuningdek, deputat Olmazor tumani hududidagi Sag‘bon ko‘chasidan Chorsu yo‘nalishiga qatnovchi avtotransport vositalarining holati bilan tanishib chiqdi. O‘rganish jarayonida hududda ko‘plab yo‘l harakati qoidalari buzilayotganligi, avtohalokatlar sodir bo‘layotganligi ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra deputat L.Hikmatova odamlarga qulaylik yaratish, halokatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi Boshqarmasiga deputatlik so‘rovini yubordi. Ayni kunlarda mutasaddi tashkilot tomonidan mazkur hududda yo‘nalish bo‘yicha tezkorlikni kamaytirish belgisini o‘rnatilishi yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.Uylaymizki, tez orada murojaat o‘z yechimini topib, aholi uchun yana bir qulaylik yaratiladi.
Albatta, deputatlar tomonidan xalq orasida ular bilan yonma-yon bo‘lib, bajarilayotgan ishlar aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash yo‘lida xizmat qilmoqda. Bunda mahalliy Kengashlardagi deputatlar ham odamlar roziligiga erishish, ularning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarish borasida faollik bilan yondashsalar maqsadli bo‘lar edi. Shuningdek, partiyaning Olmazor tumani Kengashidagi deputatlarga esa, mana shunday mas’uliyatli yo‘lda ezgu amallaringiz ko‘payaversin, deymiz.
Zulayho CHO‘LPONOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi
matbuot kotibi