O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq ta’limi vazirligi huzurida ekspert - tahlil kengashi tashkil qilinmoqda
2018-07-31 | Jamiyat
Joriy yilning 27-iyul kuni Xalq ta’limi vazirligida ekspert-tahlil kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’limning ahamiyatini oshirishdagi asosiy maqsadlar va kengashning maqsad va vazifalari muhokama qilindi. Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov bilan bo‘lgan uchrashuvda kengash vakillari X.Sulaymonova (DaVinci), V.Kan (MYWAY), M.Qosimov (Ambit), X.Mamasaidov (Dekos.uz), V.Kim (Study Smart Project), A.Yusufov (lebazar.uz), L.Po‘latov (Premium Parts), U.Ishmuhammedov (Edu Action)lar ishtirok etishdi.
Ekspert-tahlil kengashi vazirlik bilan o‘quvchilar, ularning ota-onalari, davlat va xususiy maktablar ma’muriyati, o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Ekspert-tahlil kengashi konsultativ-maslahat organi bo‘lib, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi, uning asosiy vazifalaridan biri Xalq ta’limi vazirligi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdir.
DaVinci Management Consulting asoschisi va hamkor boshqaruvchisi Sulaymonova Hilola Rashitovna bir ovozdan Ekspert-tahlil kengashi raisi etib saylandi. H.Sulaymonova, shuningdek, Zarplata.uz startapi asoschisi, muvaffaqiyatli biznes-trener, motivatsiyali ma’ruzachi, inson kapitalini rivojlantirish sohasi bo‘yicha 12 yillik ish tajribasiga ega biznes konsultant hisoblanadi. Hilola Rashitovna mohir boshqaruvchilarni topish, iqtidorlarni jalb qilish va rivojlantirish hamda HR (human resource management) boshqaruvi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega ekspertdir.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra maktablar holatini batafsil tahlil qilish, zamonaviy o‘quv dasturlarini yaratish bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqish, maktab o‘quvchilarida ijodiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha to‘garaklar va sport seksiyalari yaratishni boshlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Tomonlar xalq ta’limi tizimini takomillashtirish yo‘lida yaqin hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.