O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta’lim sohasida hamkorlik kengayadi
2018-07-31 | Ta’lim
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi La’l Pacha Azmun bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida ilm-fan sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ikkitomonlama tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari hamda jamiyatdagi ehtiyoj va xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish borasida yaratilayotgan sharoitlar ilm-fan rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Janob La’l Azmun so‘ngi yillarda yurtimiz oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni, xususan, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari ochilishi, nufuzli xalqaro universitetlar filiallarining tashkil etilishi, chet ellik talabalar uchun berilayotgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etdi.
Yuqori martabali mehmon afg‘on yoshlari o‘rtasida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida bilim olishga bo‘lgan qiziqish kundan kunga kuchayib borayotgani, ayni paytda 34 nafar afg‘onistonlik yoshlar temir yo‘l sohasida O‘zbekistonda oliy ta’lim olish maqsadida til o‘rganayotganini, bunday yoshlar soni tobora ortib borayotganini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, 2017 yil 22 yanvarda Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda mazkur markazda 96 nafar afg‘onistonlik talaba o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida ta’lim olmoqda.