O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston – O‘zbekiston hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda
2018-07-31 | Jamiyat
Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash, uning yangi serdaromad sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor berilishi natijasida O‘zbekistonda yangi yo‘nalishdagi korxonalarini ochilishini zamon talab qilmoqda.
Xususan 2018 yilda yurtimizda 17 ming gektar maydonga shirin va achchiq qalampir ekilib, ziravor yetishtirish bo‘yicha yangi yo‘nalish ochildi. Dunyo bozorida bu kabi mahsulotlarga talab ko‘pligini hisobga olib, ularni qayta ishlash, qulay holatda talabgorlarga yetkazib berish borasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida ziravorlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan hisoblangan “Synthite Industries LTD” kompaniyasi rahbari Aju Yakob bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida keyingi ikki yil ichida kompaniya va Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Unga ko‘ra “Synthite Industries LTD” 2018 yilda shirin qalampir yetishtirish bo‘yicha mahalliy fermerlar bilan hamkorlikda ish olib boradi. 2019 yilda esa boshlang‘ich 10 mln. dollarlik investitsiya evaziga ziravorlarni qayta ishlaydigan korxonani ishga tushiradi.
Shu o‘rinda ushbu kompaniya haqida ma’lumot beradigan bo‘lsak, “Synthite Industries LTD” ziravorlar, aralashmalar va oziq-ovqat aramatizatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, Hindiston va Xitoyda katta zavodlarga ega. Dunyo bo‘yicha iste’mol qilinadigan oleorezinning 30 foizni aynan shu kompaniya ishlab chiqaradi. Yillik daromadi 250 million dollarni tashkil etib, mahsulotlarini 75 mamlakatga eksport qiladi.
“Ziravorlarni yetishtirish, qayta ishlash, O‘zbekiston uchun yangi soha. Bu borada bizning yetarli tajribamiz bor. Yurtingizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha imkoniyatlari juda katta. Shunda kelib chiqqan holda o‘zaro hamkorlik har ikki tomon uchun ham foydali. Biz safarimiz davomida shirin va achchiq qalampir plantatsiyalari bilan tanishib chiqmoqdamiz. Fermerlar bilan bu boradagi tajribamizni o‘rtoqlashmoqdamiz”, - deydi kompaniya rahbari Aju Yakob.