O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oq uydagi uchrashuv
2018-07-30 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifiga boshchilik qilayotgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vashington shahrida AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Mira Rikardel bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktor Liza Kyortis ham ishtirok etdi.
Joriy yilning may oyidagi O‘zbekiston – AQSH oliy darajali uchrashuvlarining yakunlari mazkur suhbatning markaziy mavzusi bo‘ldi. Bu esa “O‘zbekiston – AQSH: strategik sheriklikning yangi davri boshlanishi” nomli ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida o‘z aksini topgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu bayonot ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratdi. Ikki davlatda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi doirasida imzolangan barcha bitim va shartnomalarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, Afg‘onistondagi vaziyatning tinchlik holatiga o‘tishi imkoniyatlari hamda dolzarb xavf va tahdidlarga qarshi kurashishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston – AQSH muloqoti va xalqaro kun tartibidagi boshqa asosiy yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.