O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R. Davletovning Amerika Qo‘shma Shtatlari Adliya departamentidagi uchrashuvi
2018-07-27 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi doirasida joriy yilning 25 iyul kuni Adliya vaziri R. Davletov AQSH Adliya departamentida Bosh prokuror yordamchisi o‘rinbosari va xalqaro munosabatlar bo‘yicha maslahatchi B.Shvars bilan uchrashdi. B.Shvars R.Davletovni AQSH Adliya departamenti faoliyati bilan tanishtirib, ushbu Departament boshqa mamlakatlarda prokuratura, ichki ishlar vazirligi, kontrrazvedka, jinoyat-qidiruv, qamoq idoralari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Adliya vaziri uchrashuv ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy faoliyati va so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar bilan qisqacha tanishtirdi. Shuningdek, Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev rahbarligida respublikamizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar muhokama qilindi.
Xususan, sud-huquq sohasi, jinoyat-protsessual qonunchilikni liberallashtirishga oid islohotlar hamda korrupsiyaga qarshi kurash, majburiy mehnatga barham berish, advokatlar faoliyati samaradorligini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida xabardor qildi.
Uchrashuv doirasida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayoniga amerikalik ekspertlarni jalb qilish, inson huquqlarini himoya qilish fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda advokatura, adliya organlari va muassasalari tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.
R. Davletov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatiga kiruvchi barcha sohalar bo‘yicha muloqot va hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.