O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Faoliyatga bahoni xalq beradi

2018-07-27 | Jamiyat

Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, har bir insonning tinch va osuda hayot kechirishi uchun munosib sharoitlarni yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham bugun o’z samarasini berib, respublika miqyosida jinoyatlarning sezilarli kamayishiga erishildi.

Bu borada Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholida jinoyat va huquqbuzarliklarning har qanday ko’rinishiga murosasiz munosabat shakllantirish bo’yicha amalga oshirayotgan ishlarini alohida qayd etib o’tish lozim. Aholi o’rtasida manzilli ishlar olib borilishi natijasida ko’plab jinoyat turlari qisqargan, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa teng yarmiga kamaygan. Bundan ham yaxshi natijaga erishish, ichki ishlar organlarini haqiqiy xalq posboniga aylantirishda tizim rahbarlarining quyi bo’g’inda xizmat qilayotgan xodimlar bilan yuzma-yuz muloqoti, ularga islohotlar mazmun-mohiyatini aniq va tushunarli holda etkazishi yanada ta’sirchan ahamiyat kasb etadi.

O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo’shma farmoyishi asosida Prezident devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas’ul vakillaridan tuzilgan tekshiruv guruhi Qashqadaryoda ish boshlashidan ko’zlangan maqsad viloyat ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatiga baho berishdan iborat. Tekshiruv guruhi o’z faoliyati davomida har bir xodimning fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalaligiga, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo’l qo’yilayotgan kamchiliklarning tub sabablariga e’tibor qaratmoqda.

Afsuski, viloyatning ayrim hududlarida huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, aholiga o’z vaqtida va sifatli yordam ko’rsatish borasida ba’zi kamchiliklar ham ko’zga tashlanyapti. Ayrim xodimlar tizimda bo’layotgan o’zgarishlarning asl mazmunini anglamasdan, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotgani kuzatilmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xodimlarni o’qitish, ularning kundalik xizmat faoliyatini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida tashkil etish, ular tomonidan tamagirlik, poraxo’rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi qonun va xizmat intizomini buzish holatlariga chek qo’yish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Tekshiruv guruhi viloyatning Nishon, Kasbi, Qarshi, Muborak, Mirishkor, Koson, Chiroqchi, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahri ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi. Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po’lat Bobojonov Qarshi tumani IIB shaxsiy tarkibi bilan uchrashuvda har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan qanchalik xabardorligiga baho berdi, fuqarolar bilan xushmuomalada bo’lish va bu borada yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar haqida so’z yuritdi. Xizmat intizomini buzayotgan, ichkilikka ruju qo’ygan, o’z xizmat vazifasini unutgan xodimlarga ichki ishlar organlari tizimida joy yo’qligini ta’kidladi.

Ma’lumki, fuqarolarga qulaylik yaratish, ularning muammolarini o’sha joyning o’zida hal etish maqsadida mamlakatimizning barcha shahar-tumanlarida ichki ishlar bo’lim (bo’linmalari) faoliyati yo’lga qo’yildi. Bu tajriba o’zini oqlab, bugun ichki ishlar bo’limlari aholiga sifatli xizmat ko’rsatib kelmoqda. Qarshi shahrida ham to’rtta ana shunday ichki ishlar bo’limi binolari qurib bitkazildi. Vazir yaqinda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Qarshi shahridagi 1 va 4-ichki ishlar bo’limlari bilan yaqindan tanishdi, binolarda fuqarolarga tez va sifatli xizmat ko’rsatish borasida o’z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, Qarshi shahrida ichki ishlar organlari xodimlari uchun qurib bitkazilgan 48 xonadonli ko’p qavatli uyda bo’lib, xodimlar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan sharoitlarni ko’zdan kechirdi. Bundan tashqari, 11 ming nafardan ortiq aholi «Otchopar» mahalla fuqarolar yig’iniga borib, bu erda xizmat qilayotgan 32-sonli tayanch punkti profilaktika inspektori faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalla hududida osoyishtalikni ta’minlash maqsadida o’rnatilgan 16 ta intellektual videokuzatuv moslamasining profilaktika inspektori planshetiga to’g’ridan-to’g’ri ulangani ijobiy holat sifatida baholandi.

Viloyat IIB tasarrufidagi «Yulduzcha» maktabgacha ta’lim muassasasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Vazir bu erda tarbiyachilar, bolajonlar bilan suhbatlashdi. Muassasadagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu kuni general-mayor P.Bobojonov yaqinda qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan Qarshi tumani qo’riqlash bo’limi hamda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo’linmasi binolariga bordi. Qo’riqlash bo’limida xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar, xususan, kutubxona tekshiruv guruhi a’zolarida yaxshi taassurot qoldirdi. Kutubxona ko’rgazma uchun emasligi, undan har bir xodim unumli foydalanishi lozimligi ta’kidlanib, shaxsiy tarkibning ma’naviyatini yanada oshirish borasida ko’rsatmalar berildi.

Joylarda o’tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar xodimlarni o’z vazifalariga sidqidildan yondashishga, yanada fidoyilik bilan xizmat qilishga hamda xalqqa yaqinlashishga undashi shubhasiz.

Tekshiruv guruhi tomonidan ichki ishlar organlarining fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatini o’rganish ishlari davom etmoqda,-deb xabar beradi o’z muxbirimiz Foziljon Mamasharipov.

Поделиться