O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TIVning 2018-yil 1-yarim yilligidagi konsullik faoliyati to‘g‘risida
2018-07-26 | Siyosat
2018-yilning birinchi yarim yilligida Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan 186 128 ta konsullik harakati amalga oshirildi (2017-yil birinchi yarmida – 173 941).
2018-yilning mazkur davrida chet el fuqarolariga 131 535 ta kirish vizasi (2017-yil birinchi yarmida – 123 360) berildi, 16805 ta O‘zbekiston Respublikasiga qaytish sertifikati rasmiylashtirildi, 3117 ta biometrik pasport berildi, FHDYga doir 6371 ta harakat amalga oshirildi, fuqarolik masalalariga doir (fuqarolikka qabul qilish, chiqish, yo‘qotish va tegishli emaslik) 7844 ariza qabul qilindi.
Eng ko‘p konsullik harakatlari O‘zbekiston Respublikasining Turkmaniston (21870), Tojikiston Respublikasi (16567), Rossiya Federatsiyasi (14421), Qozog‘iston Respublikasi (14083) va Xitoy Xalq Respublikasidagi (10882) elchixonalarida amalga oshirildi.
Chet el fuqarolarining mamlakatimizga kelishlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5326- sonli 3.02.2018y.dagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2018-yil 10-fevraldan e’tiboran 7 ta davlat – Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz tartib joriy etildi.
Ushbu farmon bilan 2018-yil 10-fevraldan boshlab 39 ta davlat fuqarolari uchun turistik vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibini kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga o‘z vaqtida konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish choralarini amalga oshirish doirasida 2018-yil mart oyida Rossiya Federatsiyasi hududida Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston hududida Almati va Aktau shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi bosh konsulxonalarini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.