Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Xitoyning “Ipak yo‘li” fondi ijrochi vitse-prezidenti Si Sinbo boshchiligidagi delegatsiya 24-iyul kuni Samarqand shahriga keldi.
2014-yil dekabr oyida Xitoyda tashkil etilgan mazkur investitsion fond Buyuk ipak yo‘li atrofida joylashgan mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida yirik loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.
Joriy yil 6-iyun kuni Pekinda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Ipak yo‘li fondi o‘rtasida “Samarkand city-1” sayyohlik zonasini qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Samarqand shahri va Samarqand viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan tadbirlar dasturi” doirasida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha yurtimizda turizm sohasini zamon talablari darajasida taraqqiy ettirishga qaratilgan. Loyiha Samarqand shahrining mashhur tarixiy va madaniy markaz sifatidagi turistik salohiyatini oshirish va “XXI asr Ipak yo‘li durdonasi” yaratilishini o‘z ichiga oladi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov mehmonlarni qadimiy va hamisha navqiron shaharga tashrifi bilan qutlab, viloyat iqtisodiyoti, turistik salohiyati haqida so‘zlab berdi. Samarqandning Xitoy provinsiyalari va shaharlari bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini ta’kidladi. “Samarkand City-1” turistik zonasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik ham ikki tomon uchun har jihatdan manfaatli bo‘lishi qayd etildi.
Xitoylik mehmonlar turistik zona qurilishi rejalashtirilgan hudud va taklif etilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Shuningdek, Samarqandning tarixiy-madaniy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat) O‘zA