O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi
2018-07-24 | Iqtisodiyot
Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida 23 iyul kuni Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vyetnam hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, fan-ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi kabi qator sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri, komissiya hamraisi Jamshid Xo‘jayev, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xoang Kuok Viong va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan Vyetnam o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yilda o‘rnatilgan. O‘zaro hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Savdo-sanoat, sarmoya, ilm-fan, turizm kabi ko‘plab sohalardagi aloqalarni tartibga soluvchi 20 dan ziyod huquqiy hujjat qabul qilingan.
Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. O‘zbekiston Vyetnamga loviya, ipak, yuqori sifatli paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar va boshqa tovarlar eksport qiladi. Vyetnam mamlakatimizga uskunalar, elektrotexnika, farmatsevtika mahsulotlari, qahva va choy yetkazib beradi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan olti oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 baravar ortdi. O‘zbekistonda Vyetnam sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 17 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hukumatlararo komissiya majlisida O‘zbekiston va Vyetnam o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishdan, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi, fan-texnika, sayyohlik, xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.
Vyetnam delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat, xorijiy investitsiya jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoit, erkin va kichik sanoat zonalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Tadbirda o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondagi qulay investitsiyaviy muhit tufayli Vyetnam ishbilarmonlarining yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, xususiy sektor kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.
Shu kuni Vyetnam delegatsiyasi a’zolari qator vazirlik va idoralarda iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA