O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand chet ellik investorlar e’tiborida
2018-07-23 | Turizm
Joriy yilning 20 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklarining “Atlantis Holiday” turistik korxonasi asoschilari Samarqandga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni Samarqand viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Munis Voseyev hamda Turizmni rivojlantirish departamenti xodimlari kutib olishdi.
Mehmonlar Samarqandning bir qancha turistik obyektlarida bo‘lib, tarixiy-madaniy meros obyektlarimizga yuqori baho berishdi. Shu bilan birga korxona rahbari Rashid Mahmud Abdulrahim Alnuri kelgusida qurilishi rejalashtirilgan turistik obyektlar loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Imom al-Buxoriy majmuasi hamda Samarqand Siti loyihasi investorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu kuni 19:00 da Samarqanddagi “Registan Plaza” mehmonxonasining majlislar zalida turistik korxonalar vakillari, restoranlar hamda mehmonxonalar rahbariyati ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida turizm sohasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni keng yo‘lga quyish, sohaga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikda ishlash yuzasidan kelishib olindi. Rashid Mahmud Abdulrahim Alnuri Dubay tajribasidan kelib chiqib, o‘z taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tashrif yakunida mehmonlar Samarqandda bo‘lgan kunlari abadiy xotiralarida saqlanib qolishi, hamda kelajakda hududga investitsiyalarni kiritishga ishtiyoqlari balandligini alohida ta’kidlashdi.