Masalaga mas’uliyat bilan yondashish muammolarni ijobiy hal etishga xizmat qiladi
Bugun Navoiy viloyati hokimligida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Jinoyatchilikni bartaraf etish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, unga qarshi kurashishning dolzarb masalalari muhokama etilgan yig‘ilishda Respublika komissiyasi va 4-mintaqaviy Ishchi guruhi a’zolari, senator va deputatlar hamda mas’ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida joriy yilning olti oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari tahlil etildi.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Viloyatning jinoyat ko‘p sodir etilgan 10 ta mahallasi tanlanib, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida mazkur mahallalarni “namunaviy mahalla” ga aylantirishga qaratilgan “Yo‘l xarita” lari ishlab chiqilgan. Shuningdek, viloyatdagi 305 ta mahallaning 107 tasida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar, ishlamaydiganlar, ilgari sudlanganlar, ayollar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishi holatlari ham sezilarli darajada kamaygan.
Biroq yutuqlar qatorida viloyatda ayrim yo‘nalishlarda kamchiliklar ham borligi aniqlangan. Xususan, jinoyatchilik xavfini erta niqlash va uning kelib chiqishini bartaraf etish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida sektorlar faoliyati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida viloyatda o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari, Karmana va Konimex tumanlarida bezorilik, Uchquduq shahrida avtotransportni olib qochish, Nurota va Xatirchi tumanlarida tovlamachilik kabi jinoyatlarning ko‘rsatgichi oshgan.
Viloyatdagi 305 ta mahallaning 198 tasida jinoyatlar sodir etilib, 52 tasida kriminogen vaziyat va jinoyatlar to‘liq tahlil qilinmaganligi, profilaktika inspektorlarini tayinlashda ularning malakasi, tajribasi, mehnat staji va hududdagi mavjud vaziyat to‘liq inobatga olinmaganligi, kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmaganligi olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi bois jinoyatlarning oshishiga yo‘l qo‘yilgan.
Sodir etilgan 6 ta qasddan odam o‘ldirish jinoyatining 1 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida kelib chiqqan janjallar oqibatida yuzaga kelgan.
Bu esa o‘z o‘rnida mahalla, ayniqsa, xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralarning ichki ishlar organlari bilan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi hamkorligini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Jamiyatda oila muqaddasligi hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi tushuntirish va tarbiyaviy tadbirlar yetarli darajada olib borilmaganligi sababli, 12 oila qonuniy nikohdan o‘tmasdan shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Viloyatda fuqarolarning o‘z joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlarining oldini olish yuzasidan davlat organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorlikda amalga oshirgan chora-tadbirlariga qaramay bunday noxush holatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 taga oshgan.
Shuningdek, yig‘ilishda ichki ishlar idoralari va mahalla tizimining o‘zaro hamkorligi samarali tarzda yo‘lga qo‘yilmagani, kollej o‘quvchilarini ta’limga to‘liq jalb qilish choralari ko‘rilmagani qayd etildi.
Viloyatda yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan 44 ta mehnat yarmarkasida ishtirok etgan yoshlarning faqat 16,1 foizi ishga joylashtirilgan.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan aksariyat giyohvandlar, ichkilikka ruju qo‘yganlar va tajovuzkor ruhiy kasallarning majburiy davolanishi ta’minlanmagan. Bu borada, hali yechimimni kutayotgan masalalar talaygina ekanligi ayon bo‘lmoqda.
Viloyatda ushbu toifadagi shaxslarni davolash uchun faqat Karmana tumanida 60 o‘rinli narkologiya dispanseri mavjud xolos. Vaholangki, vohada mingdan ortiq giyohvandlik illatiga chalingan fuqarolar doimiy ro‘yxatda turadi.
Ayni paytda, dorixonalarda “lirika”, “ sonnat” va “ tramadol” kabi psixofaol hisoblangan dori vositalari bilan qonunga xilof ravishda savdo qiluvchi shaxslarni aniqlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmagani bois, yoshlar o‘rtasida mazkur vositani “lazzat” manbayi sifatida foydalanishiga o‘z-o‘zidan imkoniyat yaratilmoqda.
Yig‘ilish yakunida hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.
Yig‘ilishda Respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E. Yuldashev, Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov ishtirok etdi.
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA