O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov XXRning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan bilan uchrashdi
2018-07-19 | Jamiyat
2018 yilning 17 iyul kuni Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan xonim bilan uchrashdi.
Uchrashuvda huquqiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi kundagi holati va kelajakda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari kabi masalalar muhokama qilindi.
Ruslanbek Davletov mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida tanishtirib, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlarning zamonaviy bosqichida vazirlik oldida turgan asosiy vazifalar xususida ma’lumot berdi.
Elchi Szyan Yan xonim adliya vaziriga uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, u ham o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatni tubdan isloh qilish jarayonini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston xalqining huquqni himoya qilish va sud organlariga ishonchi ortib borayotganini yuksak baholadi. Shuningdek, elchi xonim ikki xalq o‘rtasida turli jabhalar, jumladan adliya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
O‘z navbatida R.Davletov XXR Adliya vazirligi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston va XXR adliya vazirlari o‘rtasida tasdiqlangan hamkorlik bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” amaliy Harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Ushbu ikki yilga mo‘ljallangan rejaga muvofiq huquqiy yordam, yuridik xizmatlar ko‘rsatish, sarmoyadorlar manfaatlarini himoya qilish, yuridik kadrlar malakasini oshirish masalalarida qator tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, R.Davletov XXR adliya vaziri Fu Jinxua janoblarining O‘zbekistonga tashrifi kutilayotganini ma’lum qildi. Uning doirasida vazirlar tomonidan u yoki bu muammoni hal qilishni manzilli qo‘llab-quvvatlash siyosatini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda xitoylik tadbirkorlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil qilish masalasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Elchi Szyan Yan xonim Harakatlar dasturi doirasida ikki mamlakat biznes subyektlarini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilganini qayd etib, ularni amalga oshirishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Muloqot so‘nggida uchrashuv konstruktiv va xayrixoxlik ruhida o‘tgani ta’kidlandi.