O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shveysariya delegatsiyasi – Samarqandda
2018-07-19 | Jamiyat
Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yoxann Shnayder-Amman boshchiligidagi delegatsiya “O‘zbekiston–Shveysariya biznes forumi” doirasida Samarqandda bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 11 dekabrdagi “Jahon banki guruhi ishtirokida “Buxoro va Samarqand shaharlarini suv bilan ta’minlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Loyihada Samarqand shahrida ichimlik suv ta’minoti samaradorligi, sifati, xavfsizligi hamda ta’minot korxonalarining moliyaviy ahvolini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollar miqdorida bo‘lib, shundan Samarqand shahrining ulushi 40 million dollarni tashkil qiladi. Ushbu mablag‘ning 6 million dollarlik ulushi Shveysariya tomonidan moliyalashtirilgan.
Delegatsiya a’zolari loyiha asosida viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Samarqand shahar filiali tomonidan bajarilgan ishlar va mavjud ahvol bo‘yicha ma’lumotlar bilan tanishdi.
Mazkur loyiha doirasida shaharda 130,2 kilometr eskirgan magistral va ko‘cha quvurlari rekonstruksiya qilingan. Avtoxo‘jalik parki uchun 24 dona yangi texnika olingan. Eskirgan 18 dona gorizontal va 55 dona artezian nasos yangisiga almashtirildi. Laboratoriyada tahlillar uchun yangi jihozlar va kimyoviy reogentlar olingan.
Shuningdek, shahardagi “Muliyon” suv taqsimlash inshooti uskunalari zamonaviy, energotejamkor uskunalarga almashtirilgan va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi o‘rnatilgan.
Yangi uskunalar va zamonaviy boshqaruv tizimi hisobiga sohada bugun elektr energiyasi 40 foizga tejalib, ish samaradorligi bir necha baravarga ko‘tarildi. Tez-tez turadigan nosozliklarga barham berildi.
Mehmonlar Samarqand kompyuter texnologiyalari va gidromelioratsiya kasb-hunar kollejiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari 2015 yil 30 iyunda imzolangan ikki tomonlama bitimga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida O‘zbekiston-Shveysariya “O‘zbekistonda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish” IV faza loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, kollej qoshidagi mintaqaviy kasbiy tayyorgarlik markazida bo‘lib, yuqoridagi loyiha asosida suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish kurslari faoliyati bilan qiziqdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Samarqand tumanidagi “Samfrut” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishdi.
Mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Mehmonlarga viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Boboyev hamrohlik qildi.