O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMT rezolyutsiyasi – o‘zbek diplomatiyasining tarixiy yutug‘i

2018-07-19 | Jamiyat

Ma’lumki, joriy yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjat loyihasini BMTga a’zo barcha mamlakatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Xalqaro press-klubning “BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi rezolyutsiyasi: o‘zbek diplomatiyasining tarixiy yutug‘i” mavzuidagi navbatdagi sessiyasida ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi jarayoni, mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi. Unda senatorlar, Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.
 
Ushbu rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy natijasidir.
 
Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqalardan biri hisoblanadi. Ushbu rezolyutsiyada aynan shu mintaqaning barcha davlatlari, shuningdek, Afg‘onistonning pozitsiyasi, qarashlari mushtarak aksini topgan.
 
BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 yil davomida Markaziy Osiyo davlatlari yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sishi o‘rtacha 6,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, butun dunyoda bu ko‘rsatkich 2,6 foizga tengdir. Bu esa Markaziy Osiyoning istiqbolli mintaqa ekanini anglatadi.
 
O‘zA muxbiri anjumanning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
 
Sodiq SAFOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari:
 
– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qat’iy, aniq qadamlarni qo‘ymoqda. Mamlakatimizning mintaqa bo‘yicha yangi siyosat yurita boshlagani bu yerda yig‘ilib qolgan masalalarni yechish yo‘lida o‘z vaqtida qo‘yilgan samarali qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman. Shu nuqtai nazardan ushbu rezolyutsiya orqali Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning jadallashishi mintaqadagi siyosiy muhitni tubdan o‘zgartirish, konstruktiv hamkorlik o‘rnatish va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini mustahkamlashga zamin yaratadi.
 
Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikaning 55 mamlakati ushbu rezolyutsiya hammualliflari bo‘ldi. Hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyoning barcha yetakchi hamkor davlatlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari faol va konstruktiv ishtirok etdi. Bu shubhasiz Markaziy Osiyoning yaxlit mintaqa sifatida rivojlanishida muhim bosqichdir.
 
Vladimir NOROV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:
 
– Hujjatda mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar va tashabbuslarni BMT Bosh Assambleyasi qo‘llab-quvvatlashi bayon etiladi. Mintaqaning asosiy muammolari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi 5 davlatning umumiy pozitsiyasi belgilangan. Xususan, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli foydalanish, ekologik muammolarni yechish, transport va tranzit tizimini rivojlantirish kabi sohalarda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etiladi.
 
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqaror va samarali hamkorlik uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud. Yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, agrosanoat sektori va turizm sohasini takomillashtirish, iqtisodiyotning real sektoriga yirik xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun ulkan salohiyat bor. Shu o‘rinda qayd etish joiz, o‘tgan bir-ikki yil davomida aynan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi 20-30 foizga oshdi. Ba’zi qo‘shni davlatlar o‘rtasida esa bu ko‘rsatkich 70 foizgacha o‘sdi.
 
Abdujabbor ABDUVOHIDOV, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori:
 
– Ushbu rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilinishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat tufayli Markaziy Osiyoda shakllangan mutlaqo yangi, o‘zaro ishonch muhiti xalqaro miqyosda keng e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Xalqlarini ming yillik birodarlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari, mushtarak tarix, din, madaniyat va an’analar bog‘lab turgan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
 
Rezolyutsiya Markaziy Osiyoning umumiy muammolarni birgalikda hal qilish, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qodir yaxlit mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
 

Nurillo Nasriyev, O‘zA

Поделиться