O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning Qatardagi Elchisi ishonch yorliqlarini topshirdi
2018-07-18 | Siyosat
2018-yilning 16-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Elchisi Baxromjon A’loyev (qarorgohi Quvaytda) Qatar Davlati amiri o‘rinbosari shayx Abdulla bin Hamad Al Taniga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirdi.
Qisqa marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Qatar amiri o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga amir Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy hurmat va ehtiromini yetkazib qo‘yishni so‘radi. “Biz O‘zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya, barqarorlik va tinchlikni ta’minlash, shuningdek arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faol tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi u.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni jadallashtirish muhimligini e’tirof etdilar. O‘zbekistonda chet el investitsiyalari uchun yaratilgan qulay sharoitlar uning iqtisodiyotiga Qatar investitsiyalarining jalb qilinishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.
Shayx Abdulla bin Ol Soniy O‘zbekiston rahbariga chuqur hurmatini izhor etdi va sog‘lik, baxt va mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash borasida o‘z oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni amalga oshirishida ulkan yutuqlar, o‘zbek xalqiga taraqqiyot va tinchlik tiladi.