Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi institutiga Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati hamda xodimlari tashrif buyurdi. Ularga respublikamizdagi ta’lim muassasalarida yoshlarimizga koreys tili va informatika fanlaridan saboq berib kelayotgan koreyalik ko‘ngillilar hamroh bo‘lishdi.
Mehmonlarga institut professor-o‘qituvchilari tomonidan aholi turar joylari, ma’muriy va ishlab chiqarish bino va inshootlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatlarda harakatlanish tartibi, yong‘in o‘chirish hamda gaz va tutundan himoyalanish vositalarini qo‘llash tartiblari to‘g‘risida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar orqali ko‘rsatib berildi.
Yong‘in o‘chirish vositalari va texnikalarini qo‘llash, yong‘in o‘chiruvchining shaxsiy himoya vositalarini ishlatish prinsiplari, shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarilgan “ISUZU” rusumli yong‘in o‘chirish mashinalarining texnik xususiyatlari va imkoniyatlari namoyish etildi. Institut xodimlarining yong‘in o‘chirish amaliy sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilari kelgusida vakolatxona bilan institut o‘rtasida ilmiy va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘quv-uslubiy, kursantlar va professor-o‘qituvchilar tarkibini til o‘rganishi yo‘lida ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha ham kelishib olishdi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA