Poytaxtimizda O‘zbekiston ekologik harakati va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida Ekoharakatning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida tashkil etilgan Axborot-resurs markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Axborot-resurs markazi Ekoharakat va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida amalga oshirilgan “Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish – Faza II” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J.Makgregor ushbu markaz faoliyati aholining ekologik bilimi va madaniyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Markazni tashkil etishdan maqsad respublikaning barcha hududlarida atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, aholining ekologik bilim va madaniyatini oshirish, ekologik nazoratda jamoatchi inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ekologiya, tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini ekologik ma’lumotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Tadbirda ekologik nazorat sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi, atrof-muhit sohasidagi qonunlar talablarining bajarilishi, bu yo‘nalishdagi davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNT, OAV va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining o‘zaro hamkorligiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
N.Nasriyev, O‘zA