O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida
2018-07-16 | Jamiyat
2018 yil 13 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida parlament va hukumat a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.
Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 29 iyun kuni Olmazor tumaniga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash masalalari muhokama etildi.
Davlatimiz rahbarining tuman faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan qo‘shma majlisga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari hamda Hukumat tomonidan tegishli “yo‘l xarita”lari tasdiqlangan edi. Mazkur “yo‘l xarita”lariga asosan tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar va axborotlar qo‘shma majlis ishtirokchilariga havola etildi.
Ta’kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar ro‘yobiga qaratilgan tashrif davomida Davlat rahbari tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga tumanda misli ko‘rilmagan taraqqiyot darajasini ta’minlashga xizmat qiladigan vazifalar yuklatildi. O‘z navbatida, parlament, mahalliy deputatlik korpusi hamda jamoat tashkilotlariga mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan ta’sirchan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash vazifasi topshirildi.
So‘zga chiqqanlar tumanga investitsiyalarni jalb etish, kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, ushbu yo‘nalishda “O‘zeltexsanoat”, “O‘zto‘qimachisanoat”, “O‘zcharmsanoat”, Farmatsevtika agentligi zimmasiga Olmazor tumanida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgandi. Uning amalga oshirilishi yuzlab yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishiga, pirovardida hudud obodligi va aholi turmush farovonligi yuksalishiga xizmat qilishi muqarrarligi qayd etildi.
Qo‘shma majlisda mazkur investitsion dasturlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar taqdimotlari eshitildi.
Bundan tashqari, Olmazor tumanida uy-joy kommunal sohada yillar davomida to‘planib qolgan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama etildi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi kanalizatsiya tarmoqlari ahvoli, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bilan bog‘liq muammolar, obodonlashtirish borasidagi jiddiy kamchiliklar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga tumanda aholi bandligini ta’minlash sohasida ish o‘rinlari to‘g‘risida hisobotlarga qo‘shib yozish, noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritish, mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish hamda ishga joylashayotganlar uchun ish haqining kam belgilanishi kabi salbiy holatlar hamon kuzatilayotganligi qayd etildi.
Qo‘shma majlisda tuman tibbiy xizmatining ahvoli, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Muhokama jarayonida ushbu sohalardagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan Uy-joy kommunal xo‘jaligi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirlarining taqdimot va axborotlari eshitildi.
Tumanning bugungi va istiqboldagi taqdiri uchun hal qiluvchi kuch bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularning beqiyos kuch va imkoniyatlarini ezgu maqsadlar ro‘yobiga to‘liq safarbar etish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash masalasi doimiy diqqat markazida turishi zarur. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishdagi ishlar natijalaridan qanoat hosil qilib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.
Aytib o‘tilganidek, osoyishtalikni, barqaror tartib-intizomni ta’minlashga nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki keng jamoatchilik ham muhim vazifa sifatida yanada jiddiy e’tibor qaratishi lozim.
Bu boradagi muamolarni bartaraf etish yuzasidan “Yoshlar kelajagimiz” dasturi doirasida Olmazor tumanida tadbirlarni o‘tkazish, mahallalarda “Yoshlar mehnat guzarlari”ni qurish bo‘yicha taqdimot ham namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Obod mahalla” dasturi doirasida xalqqa eng yaqin bo‘g‘in sifatida mahalla instituti faoliyatini yanada yaxshilash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan ekanligi aytib o‘tildi.
Majlis ishi yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan va Olmazor tumanida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi, taqdimotlar asosida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.