O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Intensiv texnologiyalar samarali tadbiq etilyaptimi?

2018-07-16 | Iqtisodiyot

Baliqchilikni rivojlantirishda intensiv texnologiyalarni joriy etish borasida hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishda intensiv texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash borasida hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p.
 
Prezidentimizning joriy yil 6 apreldagi “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohaga investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
 
– Tarmoqda intensiv texnologiyalarni joriy etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash sexlari va saqlash omborlari tashkil etish ko‘zda tutilgan, – deydi Navoiy viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasining baliqchilik bo‘yicha bosh mutaxassisi L.To‘raqulov. – Nurota va Xatirchi tumanlarida 30, Karmana, Konimex tumanlarida 15 gektarli ixcham qurilmali sun’iy suv havzalari tashkil etildi. Qiziltepa tumanida “Mr Fish Company”, “Akva-To‘dako‘l”, “Quyi Zarafshon” korxonalari tomonidan 737 dona qafas moslamasi o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda ularni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
 
Qiziltepa tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashgan “Gold Like Fish” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilda o‘z faoliyatini boshladi. Korxona “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan shartnoma asosida baliq parvarishlash uchun To‘dako‘lni o‘n yilga ijaraga oldi. Bu yerga Andijon va Jizzax viloyatlaridan intensiv texnologiya asosida baliq boqishga mo‘ljallangan 6x6 hajmda, chuqurligi to‘rt metr bo‘lgan 500 dona qafas keltirilgan. Hozirgi kungacha ularning 300 tasi ko‘lga o‘rnatilib, har birida 2 ming 250 donadan “Karp”, “Zog‘ora”, “Oq amur” kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Yil oxiriga qadar boqilib, og‘irligi 1-1,5 kilogrammga yetgan baliqlar sotuvga chiqariladi.
 
– Intensiv texnologiyaning afzalligi kichik maydonda ham mo‘l mahsulot yetishtirish imkonini beradi, – deydi “Gold Like Fish” MCHJ rahbari P.Ro‘ziqulov. – Baliq parvarishlashda kerakli tavsiyalar olish uchun Namangan viloyatidan mutaxassis chaqirtirganmiz. U korxonamizdagi 20 nafar ishchiga saboq bermoqda. Parvarishlash tartibi mukammal bajarilganda baliqlar tez tosh bosadi. Kelgusi yil uchun qafaslarga chavoq tayyorlash maqsadida 4 million 500 ming dona baliq lichinkasi maxsus havzalarda parvarishlanmoqda. Ayni paytda baliq boqish uchun maxsus granulalangan yem ishlab chiqaradigan sex ochish rejalashtirilgan. Xitoydan baliq felesi, kotlet, sosiska, konserva tayyorlaydigan maxsus texnologiya keltirib 2019 yilning 1-choragida zavodni ishga tushirmoqchimiz. Yangi obyekt faoliyat boshlashi bilan yana 100 ish o‘rni yaratiladi.
 
Muxtasar aytganda, intensiv texnologiyalar joriy etilishi serdaromad tarmoqning jadal rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda.
 

Nuriddin Rahimov, O‘zA

Поделиться