O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sofiya shahrida o‘zbek-bolgar savdo uyi tashkil etildi
2018-07-16 | Iqtisodiyot
2018 yilning 12 iyul kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Sofiya shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Bolgariya savdo uyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda savdo uyi ta’sischilari sifatida o‘zbek tomonidan “Uztrade” tashqi savdo kompaniyasi hamda Bolgariya tomonidan “MBI Engineering Ltd” kompaniyasi qatnashishdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov, boshqa delegatsiya a’zolari, shuningdek, Bolgariya ishbilarmon doiralari vakillari so‘zga chiqdilar.
Tadbir davomida Bolgariya kompaniyalarining ko‘plab vakillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari uchun Respublikaning savdo-investitsion salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar natijasida o‘zbek mahsulotlarini Bolgariya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro savdo shartnomalari imzolandi.
Mazkur savdo uyi eksport hajmini oshirish, Bolgariya bozoridagi O‘zbekiston pozitsiyasini mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni izchil va ko‘p qirrali rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
“Uztrade” aksiyadorlik kompaniyasining rahbariyati mazkur savdo uyi o‘zbek mahsulotlarini Bolgariya bozori uchun doimiy ravishda targ‘ibot qilib borishini alohida ta’kidlab o‘tdi.