O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki vitse-prezidentini qabul qildi

2018-07-16 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan qator samarali uchrashuvlar, jumladan may oyida bank prezidenti Jim Yon Kim bilan Vashingtonda hamda yanvar oyida bosh ijrochi direktor Kristalina Georgiyeva bilan Toshkentda o‘tgan uchrashuvlar aloqalarni faollashtirish va o‘zaro munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga xizmat qildi.

Bugungi kunda mamlakatimizning Jahon banki bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollarlik imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirilgan 39 ta loyihani o‘z ichiga oladi.

Ular energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilg‘or va energetik jihatdan samarali texnologiyalarni jalb etish, agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan.

Hozirgi vaqtda 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi doirasida 20 dan ziyod yangi loyiha ko‘rib chiqilmoqda.

Bankning yetakchi ekspertlari O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etdi. Qo‘shma iqtisodiy kengashni shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash asosida sarmoyaviy loyihalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, milliy kadrlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, fuqarolik aviatsiyasi va qayta tiklanadigan energetika sohalarida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida muhim qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bank respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani yana bir bor qayd etildi.

Поделиться