O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi
2018-07-13 | Jamiyat
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev shahar va tumanlarda yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ularning faolligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, istiqbolli g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish davlatimizni barqaror rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.
Hududlarda tashkil etilgan yuzma-yuz muloqotlar mazkur hujjatning mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar va yoshlar taqdiriga daxldor masalalarga bag‘ishlandi.
Furqat tumanida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi avvalida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda 30 yoshga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Yarmarka doirasida hudud yoshlari rassomlik, she’riyat, raqs va badiiy ijod sohasidagi iste’dod va mahoratini namoyish etdi. Beshariq, O‘zbekiston va Furqat tumanlaridan 230 ga yaqin yoshlar qatnashgan samimiy muloqot davomida viloyat hokimiga murojaat etgan 34 yigit-qizga tijorat banklarining imtiyozli krediti ajratilishiga kelishib olindi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 12 yoshga foydalanilmay turgan bino-inshootlar “nol” qiymatda ijaraga beriladigan bo‘ldi. 5 yoshning o‘qishga kirish masalasi ijobiy hal etilib, yana shuncha faol yoshlar uchun hududlarda yosh oilalar uchun qurilayotgan yangi uylardan xonadonlar ajratish tavsiya etildi.
Uchko‘prik tumanida bo‘lib o‘tgan muloqotda bevosita viloyat hokimi ko‘magida oliy ma’lumotga ega, lekin vaqtincha ishsiz bo‘lgan 7 yosh mutaxassis ishga joylashtirildi. Biznes loyihalari bilan qatnashgan yigit-qizlarning 35 nafari eng kam ish haqining 150 barobari miqdorida tijorat bankidan imtiyozli kredit oladigan bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqqan 20 yoshga takroriy ekinlar ekish va bog‘dorchilik xo‘jaligi tashkil etish uchun 1 gektardan yer maydoni ajratish bo‘yicha mutaxassislarga kerakli yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Rishton va Bag‘dod tumanlari yoshlari ishtirokida Rishton tumani hokimligida tashkil etilgan uchrashuv ham samarali, amaliy muloqotlarga boy bo‘ldi. Viloyat hokimi bilan yuzma-yuz suhbatlashgan yigit-qizlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va rag‘batdan mamnun ekanligini bildirdi.
– Bu hududlarda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazish orqali yoshlarga qisqa muddatda 529 ish o‘rni tavsiya etildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi bo‘lim boshlig‘i Zohidjon To‘rayev. – Shu tariqa 74 yigit-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 47 yosh esa “ustoz-shogird” an’analari asosida tajribali hunarmandlarga biriktirildi. 280 navqiron avlod vakili shartnoma asosida fermer xo‘jaliklarida ishlaydigan bo‘ldi. 120 yosh tadbirkor rasmiy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan 8 yoshga “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” tomonidan jami 352 million 500 ming so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Uchrashuvlarda ta’kidlanganidek, joriy yil 1 iyuldan mamlakatimizda “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi va uning shahar, tuman filiallari tashkil etildi. “Yosh tadbirkorlar” kvorking markazlari hamda “Yoshlar mehnat guzari” majmualari qurish davlat-xususiy sheriklik shartlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Yuzma-yuz muloqotlarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, yoshlarni tadbirkorlikka yanada keng jalb etish, ularning muammolarini amaliy hal etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA