O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi Xitoyda

2018-07-09 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligiga amaliy tashrif buyurdi. Dastlabki rasmiy uchrashuv 5 iyul kuni XXR JXV huzuridagi Birinchi ilmiy tadqiqot institutida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya a’zolarini XXR Jamoat xavfsizligi vazirining birinchi o‘rinbosari Van Syuoxun kutib oldi.

Ta’kidlash joizki, mazkur ilmiy tadqiqot instituti Xitoy politsiya tizimida alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yerda yaratilgan ko‘plab ilmiy ishlanmalar, tadqiqot natijalari bugungi kunda hayotga tatbiq etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda, jinoyatchilikka qarshi kurashda juda qo‘l kelmoqda. Mazkur institutda 2400 nafarga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 53 nafari fan doktori, professordir.

Institutda yaratilgan ixtirolar, xususan, turli qo‘poruvchilik harakatlarida, portlovchi uskunalarni zararsizlantirishda, jinoyatchilardan himoyalanishda va yana ko‘plab har xil vaziyatlarda foydalanishda asqatadigan kiyimlar, himoya vositalari vakillarimizda katta qiziqish uyg'otdi. Ayniqsa, jamoat joylari, metro va odamlar qatnovi ko‘p bo‘ladigan maskanlarga o‘rnatiladigan skanerlash uskunasi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Uning afzalligi shundaki, harakatlanayotgan juda ko‘plab odamlarni shunchalik tez va sifatli skanerdan o‘tkazib, ular orasidan, tanasida turli portlovchi moslama yoki qurolni yashirib o‘tkazishga uringan yovuz niyatli kimsani tezda aniqlaydi. Bundan tashqari, davlat idoralari, tashkilotlar, muassasalar kirish joyiga o‘rnatiladigan moslama ham e’tibordan chetda qolmadi. U orqali binoga kirayotgan shaxsning ilgari jinoyat sodir etgan-etmagani, qidiruvdaligi tezda aniqlanadi. Mehmonxonalar, muhim qo‘riqlanadigan obyektlarga kirishda mashinalarning tag qismini hech bir shaxs aralashuvisiz, mustaqil tekshiradigan, xavf bo‘lsa avtomatik ravishda xabar beradigan moslama ham vakillarimizda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuv ikki tomon vakillari uchun kengaytirilgan tartibda tashkil etilgan davra suhbati tarzida davom etdi. Mutaxassislar institut faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi a’zolariga batafsil ma’lumot berishdi. Transport, texnikaviy, kiberjinoyatchilik, terrorizmga qarshi kurashish va yana ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan institut jamoasining faoliyatiga delegatsiyamiz vakillari alohida qiziqish bildirdi.

– Institut faoliyati bilan tanishib, bu yerda yaratilgan ixtirolar jamoat xavfsizligini ta’minlashda, jinoyatchilikka qarshi kurashishda qanchalik naf berayotganini anglab yetdik, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor P. Bobojonov. – Yuqorida ta’kidlanganidek, institutda 53 nafar fan doktori, yana yuzlab turli sohaning yetuk mutaxassislari faoliyat ko‘rsatar ekan. Shuncha olimlarning izlanishlar olib borishi, jon kuydirib mehnat qilishidan shuni anglash mumkinki, ular yagona bir maqsadni ko‘zlashgan: bu ham bo‘lsa tinchlikni ta’minlash, politsiyaning jamoat xavfsizligi, huquqbuzarliklarga qarshi kurashishdagi imkoniyatini oshirish, uni mukammal va kuchli tuzilmaga aylantirishdir. Ishlanmalar qiziqishimizni orttirdi. Ulardan kelgusida O‘zbekistonda foydalanishni xohlaymiz. Bundan tashqari, ilmiy izlanishlarda hamkorlik qilishni, bu yerda xodimlarimizning malakasini oshirishni istaymiz.

Delegatsiya a’zolari xodimlar xavfsizligini ta’minlaydigan, vaqtni tejaydigan, eng muhimi, jinoyatchilikka qarshi kurashishda asqatadigan ayrim ishlanmalarning qanday ishlatilishini so‘rab-surishtirishdi. Ba’zi qurilmalarni mutaxassislar yordamida shu yerning o‘zida ishlatib ko‘rishdi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi XXR Jamoat xavfsizligi vazirligiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Xitoy Davlat kengashi a’zosi, Jamoat xavfsizligi vaziri Chjao Kechji boshchiligidagi vazirlik rahbariyati kutib oldi.

Vazir o‘zbekistonlik hamkasblarini o‘z yurtida ko‘rib turganidan xursandligini bildirib, Xitoy va O‘zbekiston qadim-qadimdan o‘zaro tinch-totuv yashab kelishini ta’kidladi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar sifatida savdo-iqtisodiy hamkorlik qadimdan rivoj topganini qayd etdi. Hozirga kelib esa nafaqat savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim, turizm sohalarida, balki huquq-tartibot tizimi, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ham mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdi. Vazir Chjao Kechji so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlardan xabardorligini bildirib, bundan o‘zbek xalqi uchun xursandligini ta’kidladi. Ikki davlat vazirliklari o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini, o‘zga davlat hududida yashirinib yurgan jinoyatchilarni ushlashdagi amaliyot kengayib borayotganini qayd etdi.

Xususan, hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV va XXR JXV o‘rtasida imzolangan Protokol o‘zining samarali natijasini bermoqda. Mazkur hujjat asosida har ikki tomon ham jinoyatchilikka qarshi muvaffaqiyatli kurashish bilan cheklanmay, o‘zbekistonlik huquq-tartibot xodimlari Xitoyda, xitoylik hamkasblar esa O‘zbekistonda malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi. Yana axborot va ma’lumotlarni tezkor almashishda, hududlar osoyishtaligini ta’minlashda mazkur Protokol muhim omil bo‘lmoqda, – deya ta’kidladi vazir.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor P. Bobojonov samimiy, do‘stona qabul uchun Chjao Kechjiga minnatdorlik bildirib, uzoq yillik ikki davlat hamkorligi kun sayin rivojlanib borayotganini, iqtisodiy, savdo, huquq-tartibot sohalarida katta yutuqlarga erishilayotganini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston hukumati bu hamkorlikni yuqori darajada qadrlashini, bundan-da rivojlanishidan manfaatdor ekanligini, bu rivojlanishda ikki davlat rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev va XXR rahbari Si Szinpinning tashabbusi, xohishi muhim ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning rivojlanishi uchun eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlatlardan biri sanaladi, – dedi vazir, general-mayor P. Bobojonov. Ayni paytda yurtimizda xitoylik ishbilarmonlar kiritgan investitsiya ishtirokidagi 800 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi ikki yilda XXR tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga 8 mlrd. AQSH dollariga yaqin investitsiya kiritilgani ham ikki davlat hamkorligi tobora rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Xitoy bozorida ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi oshib bormoqda. Bu hamkorlik huquq-tartibot sohasida ham yildan yilga yangicha tus olyapti. Masalan, so‘nggi ikki yil davomida Xitoy hududida 38 ta uchrashuv tashkil etildi va unga O‘zbekistondan 213 nafar ichki ishlar organi xodimlari jalb etildi. Ular bu yerda asosan jinoyat qidiruv, terrorizmga, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va boshqa sohalarda malaka oshirishdi. O‘z navbatida Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligining 69 nafar vakili yurtimizda bo‘lib, o‘zbekistonlik hamkasblarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, bu hamkorlik IIV Akademiyasi va XXR JXV tizimidagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ham rivojlanib bormoqda. Jumladan, tarixda ilk bor IIV Akademiyasining bir guruh kursant va o‘qituvchilari bir oylik o‘quv kursini aynan Xitoyda o‘tkazib, malaka oshirishdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakatimiz Prezidentining ko‘rsatmasiga asosan, IIV Akademiyasi tashabbusi bilan ayni paytda Akademiyada Simulyatsiya va modellashtirish markaz qurilishi bo‘yicha kelishuvlar davom etmoqda. Mazkur loyiha uchun Xitoy tomonidan 22 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu markaz ishga tushib, xuddi Pekin politsiya universitetidagi kabi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan bo‘lsa, u soha uchun yetuk kadrlar yetishtirib chiqadigan Markaziy Osiyoda yagona dargoh bo‘ladi.

Do‘stona va samimiy tarzda o‘tgan uchrashuvdan ikki tomon ham qoniqish hosil qildi. Uchrashuv yakunida ikki davlat vazirliklari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Protokol imzolandi.

Поделиться