O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan Yaponiya hukumati o‘rtasida “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” (JDS) loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev va Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, fan-ta’lim yo‘nalishida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar yoshlarning zamonaviy bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, iste’dodini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston yoshlarining jahon standartlari asosida tahsil olishi yo‘lida xalqaro hamkorlik yildan-yil rivojlanmoqda. Mamlakatimizda dunyodagi ko‘plab nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilib, turli xorijiy davlatlarda yoshlarimiz bilim va tajribasini oshirmoqda.
“Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” loyihasi ham yurtimizdagi turli davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralalarda faoliyat yuritayotgan uch yillik tajribaga ega yosh kadrlarning Yaponiyadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistrlik bosqichida ta’lim olishini ta’minlash, ularning bilim va tajribasini oshirishga qaratilgan.
Bu loyiha 1999-yildan buyon Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida 311 nafar yosh mutaxassis kunchiqar mamlakatda bank-moliya, iqtisod, siyosat, tibbiyot, filologiya yo‘nalishlarida tahsil olib qaytgan. Loyiha 2019-2020-yillarda 17 nafar yosh iste’dod egalarining Yaponiyada tahsil olishini nazarda tutadi. Unga 2,4 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratiladi.
Tadbirda fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish borasida qilinayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
G.Sattorova, O‘zA