Bunga XOQ Prezidenti Tomas Bax va’da bermoqda.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari taklifiga ko‘ra Shveysariya safar etdi va Lozannadagi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qarorgohida Tomas Bax bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining yozishicha, tomonlar bungacha Pxyonchxandagi qishki Olimpiya o‘yinlari vaqtida ko‘rishib, umumiy masalalar yuzasidan suhbat o‘tkazgandilar. Bugun esa Umid Ahmadjonov Tomas Bax bilan ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi. Unda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlari bir qancha masalalarni muhokama qilishdi.
Umid Ahmadjonov uchrashuvda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tarkibida shu kungacha nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodan mutlaqo a’zo bo‘lmagani, shuning uchun XOQ Sessiyasida mintaqamizdan ham o‘z ovozi va saylash huquqiga ega a’zoni tarkibga kiritish masalasini ko‘tardi. Tomas Bax esa, o‘z navbatida, XOQning 2019 yilgi umumiy yig‘ilishida Umid Ahmadjonov nomzodini Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga taqdim etishga va’da berdi.
Ma’lumki, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan sport musobaqalari FIFA tasarrufidagi turnirlardek ko‘p emas. Tashkilot asosan yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlari, o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlarini tashkillashtiradi. Umid Ahmadjonov uchrashuv davomida Tomas Baxga XOQ shafeligi ostida kechadigan yangi musobaqalarni tashkil etish, bunday nufuzli musobaqaga Toshkent shahri mezbonlik qilishga tayyor ekanligi borasida taklif kiritdi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari bunga javoban, 2019 yilgi XOQning marketing masalalariga bag‘ishlangan yirik anjumanini Toshkentda o‘tkazish niyati borligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov o‘zbek sportida ro‘y berayotgan islohotlar, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sportga ko‘rsatilayotgan e’tibor, sportni ommaviylashtirish, rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi va Respublikamizda Olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, mamlakat sportida ro‘y berayotgan ulkan hajmdagi islohotlarni hayotga tatbiq etish masalasida janob Tomas Baxdan maslahatchi sifatida Toshkentga malakali va yetuk mutaxassisni yuborishni iltimos qildi. Yurtimizda sport taraqqiyotiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan to‘lqinlangan XOQ Prezidenti taklifni bajonidil qabul qilib, sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisni O‘zbekistonga yuborishini ta’kidlab o‘tdi.
Lozannaga tashrifi davomida Umid Ahmadjonov “Olimpiya birdamligi” dasturi rahbari Pyere Miro, shuningdek, XOQning bir necha departament rahbarlari bilan ham uchrashdi va hamkorlikda yangi loyihalar, seminar-treninglar o‘tkazish masalasida kelishuvga erishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidentining jahonning eng yirik sport tashkilotlari joylashgan Shveysariyaga tashrifi unumli va samarali bo‘ldi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
Oybek Yunusov