Yaqinda Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida MDHga a’zo mamlakatlar armiyalari vakillari o‘rtasida harbiy-amaliy sportning “harbiy sport kompleksi ko‘pkurashi” turi bo‘yicha halqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari mezbonlardan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada Belarus (ikkita jamoa), O‘zbekiston, Qozog‘iston Qirg‘iziston va Rossiya jamoalari ishtirok etib, 100 va 3000 metrga yugurish, uzoqlikka granata uloqtirish, turnikda tortilish, to‘siqli yo‘laklardan o‘tish kabi harbiy kompleks mashqlarni yakka va jamoa tarkibida bajardi.
Musobaqada harbiylarimiz yuqori jismoniy tayyorgarligi va epchilligini namoyish qildi. Kichik serjant Isoqjon Rustamov 400 metr masofadagi yagona to‘siqli yo‘laklarni yugurib o‘tishda 2 daqiqayu 13 soniya natijani qayd etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va musobaqa rekordini o‘rnatdi.
Shuningdek, ushbu bellashuvlarda Shohruh Nizomov, Faxriddin Mamarizayev, Isoqjon Rustamov va Umid Ahmadjonov “Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustasi” va Abbos Is’hoqov “Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustaligiga nomzod” talablarini bajardi.
Uchinchi o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar kubok, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
Muhayyo TOSHQORAYEVA, O‘zA