O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018 yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasi
2018-07-02 | Iqtisodiyot
2018 yil iyun oyida birinchi marta joriy yilning so‘nggi davrida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari umumiy darajasida pasayish kuzatilgan bo‘lib, iste’mol sektoridagi deflyatsiya darajasi oy davomida 0,4 %ni tashkil etdi.
2018 iyulning yanvar-iyun oylarida iste’mol narxlari indeksi dinamikasi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,6 %ga pasaygan bo‘lsa, xizmatlar esa aksincha, 0,3 %ga qimmatlashgan.
2018 yilning yanvar-iyun oylarida iste’mol narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Quyidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’mol sektorida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi natijasida deflyatsiya holati qayd etilgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlarida esa aksincha, inflyatsion jarayonlar kuzatildi.
2018 yilning iyun oyida iste’mol narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar narxining qimmatlashishi umumiy iste’mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ga 0,4 foiz darajasida (f.d.) ta’sir etib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi esa INIning 0,8 f.d.da kamayishiga olib keldi.
2018 yilning iyun oyida tovar va xizmatlarning asosiy guruhlari bo‘yicha
narxlarning o‘zgarishi va ularning umumiy INIga ta’siri
Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol narxlari indeksi
Yuqorida qayd etilganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,8 %ga arzonlashganligi, umumiy INIning 0,8 f.d.da pasayishiga zamin yaratdi.
2018 yilning iyun oyida asosiy guruhlar bo‘yicha
oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, o‘sish va pasayish, %)
Meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi, jumladan, tuxum, shakar, yog‘ va moy mahsulotlarining arzonlashgani umumiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, umumiy INIning 1,5 f.d.da pasayishiga olib keldi. Shular bilan bir qatorda go‘sht, non, alkagol va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi umumiy INIning ko‘tarilishiga yordamlashdi (0,7 f.d.da ta’sir etdi).
Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari guruhi tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 15,3 %), pasayish bo‘yicha esa kartoshka hamda sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 38,9 % va 29,1 %).
2018 yilning iyun oyida asosiy guruhlar bo‘yicha oziq-ovqat
mahsulotlarining iste’mol narxlari o‘zgarishi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Spirtli ichimliklar narxlarining qimmatlashishining asosiy sabablaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 5 mart kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3583-son Qaroriga asosan 2018 yilning 1 iyunidan boshlab pivo va aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish maqsadlariga yo‘naltirilgan qo‘shimcha to‘lovlarning joriy qilinganligidir. Biroq, shuni alohida qayd etish lozimki, joriy yilning iyun oyi davomida spirtli ichimliklar chakana savdosi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi aksariyat korxonalar o‘zlaridagi qoldiq mahsulotlarini o‘zgarmagan narxlarda sotgan. Spirtli ichimliklar narxlariga qo‘llanilgan qo‘shimcha to‘lovlar ikkinchi yarim yillikdan boshlab ushbu tur mahsulotlar narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi kutilmoqda.
Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan alkagolsiz ichimliklar narxlari birmuncha sezilarli darajada qimmatlashdi (0,9 %).
Qolgan turdagi oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha narxlari darajasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi.
Nooziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol narxlari indeksi
Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 0,8 %ga qimmatlashishi umumiy INIning 0,3 f.d.da oshishiga olib keldi.
Avtomobillar uchun yoqilg‘i hamda qurilish materiallaridan tashqari ushbu guruhning asosiy turdagi mahsulotlari narxlari orasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.
Asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari guruhlari bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi quyidagi ko‘rinish shaklida namoyish etilgan:
2018 yilning iyun oyida asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari
guruhlarining iste’mol narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Aholi uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish shahobchalari orqali sotilayotgan propan narxining qimmatlashishi asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlar guruhi indeksining ko‘tarilishida asosiy ta’sir omili sifatida qayd etilgan. Respublika bo‘yicha oy davomida ushbu mahsulotning narxi o‘rtacha 63,3 %ga qimmatlashdi. Mamlakatning ba’zi hududlarida uning narxi 2 barobar va undan yuqori darajada ham qimmatlashgan (Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari shular jumlasidandir). Birjadagi kotirovka narxlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida shakllanayotgan holatlar propan narxlari darajasining sezilarli darajada qimmatlashishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Qurilish materiallari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,5 %ga qimmatlashdi. Sement va gulqog‘ozning narxi guruh tarkibidagi boshqa mahsulotlarga nisbatan birmuncha sezilarli darajada qimmatlashdi.
2018 yilning iyun oyida asosiy turdagi qurilish materiallari guruhlarining
iste’mol narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Xizmatlar iste’mol narxlari indeksi
Iyun oyi davomida aholi uchun xizmatlar tariflari narxlarida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi va bor yo‘g‘i 0,3 %lik o‘sish holati qayd etildi. Bu esa o‘z navbatida umumiy INIga 0,1 f.d.da ta’sir etdi. Narx tariflarining nisbatan barqaror sur’atlarda oshib borishi qatorida yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari narxi o‘rtacha 1,4 % va maishiy turdagi xizmatlar esa 0,4 %ga qimmatlashdi. |
2018 yilning iyun oyida aholi uchun alohida turdagi xizmatlar
guruhining iste’mol narxlari indeksi
(o‘tgan oyga nisbatan, %)
Qashqadaryo viloyati hokimining qarori asosida joriy yilning iyun oyidan boshlab hudud bo‘yicha shahar avtobus transportida yo‘l haqi 66,7 %ga oshirildi. Xorazm viloyati hokimining qaroriga asosan viloyat bo‘yicha shahar avtobus transporti xizmatlari 42,9 % hamda yo‘nalishli taksi xizmatlari narxi 11,1 %ga ko‘tarildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hududida ham yo‘nalishli taksi xizmatlari o‘rtacha 9,4 %ga qimmatlashgan.
Mahalliy transport poyezdlari uchun yo‘l xarajati hujjatlari narxining oshishi va Shveysariya frankining so‘mga nisbatan biroz oshishi hisobiga temir yo‘l transporti xizmatlari narxlari biroz ko‘tarildi.
Yevroga nisbatan milliy valyutamiz kursining mustahkamlanishi natijasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK chiptalari narxlari birmuncha arzonlashdi.